2022 yilning birinchi choragida davlat budjetiga 9,5 trln so‘m bojxona to‘lovlari o‘tkazilgan. Bu tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 trln so‘mga oshgan, deya ma’lum qildi DBQ axborot xizmati boshlig‘i v.b. Husan Tangriyev AOKAda o‘tkazilgan navbatdagi brifingda.

Yanvar-mart oylarida davlat bojxona organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 1 mln dollarga teng naqd xorijiy valyuta to‘xtatib qolingan (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10 barobarga ortgan). Shuningdek, 503,6 kg giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan. Bundan tashqari, 101 ming dona kuchli ta’sir etuvchi va 1,6 ming dona psixotrop moddalar kirishining oldi olingan.

Birinchi chorakda bojxona xodimlari tomonidan qiymati 5,2 mlrd so‘mlik zargarlik buyumlari, 170 ming quti tamaki mahsulotlari va 490 dona madaniy boyliklar noqonuniy aylanuvining oldi olingan.

Bundan tashqari, Tashqi savdoda «yashirin iqtisodiyot» ulushini qisqartirishga qaratilgan tizimli tadbirlar natijasida 221 mlrd so‘mlik qo‘shimcha bojxona to‘lovlari undirilgan.

Ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida 3 ming nafardan ziyod tadbirkorlarga bojxona to‘lovlaridan qariyb 4 trln so‘mlik bojxona imtiyozlari berilgan. Natijada salkam 4 trln so‘m aylanma mablag‘ sifatida o‘zlarining ixtiyorida qolgan.

Xalqaro tajribalar asosida 1 apreldan boshlab Samarqanddagi yangi xalqaro aeroportda «sezilmaydigan bojxona nazorati» tizimi joriy etilib, yil yakuniga qadar mazkur tizim Toshkent, Farg‘ona va Termiz aeroportida ham joriy etilishi nazarda tutilgan.

Andijon viloyatidagi «Do‘stlik» chegara-bojxona postiga hamda Toshkent viloyatining «Yallama» chegara postiga tutash hududlarda ilk bor davlat sherikchilik shartlari asosida zamonaviy bojxona terminallari ishga tushirilgan.

Bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida inson omilini qisqartirishga borasida 1456 ta ma’muriy ishlar ilk marotaba «Ye-Qaror» tizimida elektron shaklda yuritilib, vaqt sarfi 17 kundan sanoqli daqiqalarga qisqargan.

Qashqadaryo, Xorazm, Sirdaryo, Toshkent, Buxoro, Farg‘ona, Jizzax viloyatlarida tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi Masofaviy elektron deklaratsiyalash prinsipi asosida tashkil etilgan bo‘lib, ushbu hududlarda undirilgan bojxona to‘lovlari 52 foizga va deklaratsiyalar soni 17 foizga ortgan.

«Yallama» va «Do‘stlik» chegara bojxona postlarida ilk marotaba «Transport nazorati» axborot tizimi joriy etilib, 23 mingdan ziyod transport ma’lumotlari avtomatik qayd etildi va rasmiylashtiruv vaqti 30 foizga qisqargan.

Xavf tizimini takomillashtirish natijasida eksport tovarlarini avtomatik rasmiylashtirish 14 barobarga oshgan.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida tovarlar bo‘yicha oldindan axborot almashish to‘g‘risida xalqaro shartnoma imzolangan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 17 fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish va sohani korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan edi.