Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi «Texnopark» hududida (sobiq TAPOiCh aviatsiya zavodi) akvapark qurish rejalashtirilmoqda. Uni loyihasi 18 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdimot qilindi.

«Buning uchun hozirda foydalanilmay turgan bino bilan birga 4,5 gektar yer mo‘ljallangan. Majmua to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyasi evaziga barpo etiladi. Bu yerda ochiq va yopiq suv havzalari, attraksionlar, tamaddixona, o‘yin maydonchalari bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

Davlat rahbari Yunusobod tumanidagi Astronomiya parki hududida barpo etiladigan gullar bog‘i loyihasi bilan ham tanishdi.

«Bu joy aholining madaniy dam olishi, poytaxtimiz ekologiyasi yaxshilanishi uchun yana bir omil bo‘ladi», — deyiladi xabarda.


Shuningdek, davlat muzeylarini rekonstruksiya qilishga qaratilgan loyiha ham taqdim qilindi. Binolarning arxitekturasi va tarixiy qiymatini saqlab qolgan holda ichki sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy texnikalar bilan jihozlash rejalashtirilgan.

«Jahondagi mashhur muzeylar tajribasi asosida eksponatlarning ko‘rimliligini oshirish, tarixiy ashyolarni bezarar saqlash, keluvchilarga qulayliklar yaratish bo‘yicha hamma jihatlar inobatga olingan. Bu ishlar natijasida muzeylarning ko‘rgazma maydoni kengayib, aholi va sayyohlar uchun jozibadorligi oshadi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, taqdimotda shaharlararo yo‘l infratuzilmasini yaxshilash chora-tadbirlari ham muhokama qilindi. Xususan, Pop tumani bilan Namangan shahri o‘rtasidagi avtomobil yo‘lini kengaytirish loyihasi ko‘rib chiqildi.


Prezident bu hududning relefini inobatga olib, yo‘lni haydovchilarga qulay qilib qurish, insonlar xavsizligini birinchi o‘ringa qo‘yish zarurligin ta’kidladi.

Davlat rahbarining 2021 yil 23 iyundagi qaroriga muvofiq, «Yangi O‘zbekiston» universiteti tashkil etilgandi. Tadimotda mazkur loyiha ham ko‘rib chiqildi.

Universitet uchun poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani Do‘rmon yo‘li ko‘chasi bo‘yida 30 gektar yer ajratilgan. Majmua loyihasi Turkiyaning «Outdoor Factory» kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.


«Yangi O‘zbekiston» universiteti.

«Unga ko‘ra, bu yerda 5 ta fakultet uchun o‘quv binolari, ma’muriyat, o‘qituvchilar va talabalar uchun yotoqxonalar, oshxona, kutubxona, laboratoriya, sport saroyi va stadion barpo etiladi», — deyiladi xabarda.

Hozir bu hududda Prezident maktabi bor. Kelgusida Prezident ta’lim muassasalari agentligi ham shu yerda joylashadi. Shu tariqa, hudud ta’limga ixtisoslashgan yaxlit majmua bo‘ladi.


«Yangi O‘zbekiston» universiteti.

Davlatimiz rahbari majmuani sifatli qurish, o‘quv binolarida buyuk allomalarimiz siymosi va merosini aks ettirish, yoshlarning o‘qishi va harakatlanishi uchun qulayliklar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

«Yangi O‘zbekiston» universiteti.