Navoiy viloyatida 4 nafar mahalliy boshqaruv organlari xodimi Saylov kodeksiga zid ravishda bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari viloyat kengashida deputatlik maqomini saqlab turibdi. Ularning arizasi olingan bo‘lsa-da, hozirgi qadar deputatlikdan chetlatilmagan.

Avvalroq ularning ikki nafari — Karmana tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Tohir O‘rinov hamda Navoiy viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Maqsud Nurullayev haqida yozgandik.

«Gazeta.uz» o‘quvchilarining ma’lum qilishicha, deputatlikni davom ettirayotganlar orasida Navoiy viloyati hokimining matbuot kotibi Bektemir Pirnafasov ham bor.

O‘rganishlar davomida Pirnafasov Bektemir Saidovich xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashi deputatlari ro‘yxatida O‘zLiDeP partiyasidan a’zo sifatida ko‘rsatilgani aniqlandi.

Navoiy viloyati hokimi v.b. Normat Tursunovning 2021 yil 29 декаbрdaги qarori bilan Pirnafasov viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari — matbuot kotibi lavozimiga tayinlangan. Bunga asos qilib, uning arizasi va AOKAning 2021 yil 29 oktabrdagi tavsiyasi ko‘rsatilgan.


Qolaversa, Bektemir Pirnafasov Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘ining 2021 yil 19 oktabrdagi buyrug‘iga asosan viloyat hokimligi muassisligidagi «Do‘stlik bayrog‘i» va «Znamya Drujbы» gazetalari tahririyati MJCH direktori vazifasini bajaruvchi hisoblanadi. Gazeta veb-sahifasida u bosh muharrir sifatida ham ko‘rsatilgan.


Bundan tashqari, Viloyat kengashining «Adolat» partiyasidan deputati Rizoqulov Xusniddin Salimtoshevich 8 fevral kuni Xatirchi tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Undan ham ariza olingan, biroq kengash deputatlik maqomini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilmagan.

Saylov kodeksining 90-moddasiga muvofiq, sudyalar, prokuratura organlarining va ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari (bundan viloyat, tuman va shahar hokimlari mustasno) deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risida ariza berish sharti bilan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinadi.

«Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda Navoiy viloyati saylov komissiyasi kotibi Furqat Xolbo‘tayev ularning barchasidan deputatlik maqomini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risida ariza olinganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bo‘shab qolgan o‘rinlarga qayta saylov o‘tkazish mablag‘ bilan bog‘liq masala.

«Endi bularning hammasi mablag‘ga kelib taqaladi. Bitta okrugga saylov o‘tkazishning ancha o‘ziga yarasha [xarajatlari] bor. Bo‘ladi, hammasi reja bilan qilinadi. [Ularni vakolatini] tugatadi, bular yaqinda o‘tdi-ku hali. Uni birdan deputatlikdan olgan bilan saylagan xalq bor, to‘g‘rimi? O‘zining muddati, ish jarayonlari bor. Ish ketyapti. Bitta-bitta emas, birdan olinyapti-da», — dedi Furqat Xolbo‘tayev.

15 aprel kuni Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi kotibiyati mazkur holatga o‘z munosabatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2021−2022 yillarda jami 4 nafar deputat ijro hokimiyati organlarida faoliyat boshlagan. Ta’kidlanishicha, bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlaridan biri (55-Navoiy saylov okrugi)ga 8 may kuni saylov o‘tkazilishi belgilangan.

Shuningdek, 2021−2022 yillarda jami 4 nafar deputat ijro hokimiyati organlarida faoliyat boshlagan (jumladan, T.O‘rinov va M.Nurillayev) bo‘lib, ular o‘z xohishiga ko‘ra belgilangan tartibda deputatlik vakolatini muddatidan oldin tugatish haqida xalq deputatlari viloyat Kengashiga ariza taqdim etishgan.

Avvalroq, Karmana tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Tohir O‘rinov hamda Navoiy viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Maqsud Nurullayev bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari viloyat kengashida deputatlik qilayotgani haqida yozgandik.

«Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda Navoiy viloyati hokimi matbuot kotibi Bektemir Pirnafasov ularning deputatlik maqomini tugatish bo‘yicha arizasi olingani, biroq hozirda ham deputat maqomini saqlab qolayotganini tasdiqlagandi.

«Bu holat faqat Navoiy viloyatida emas, boshqa viloyatlarda ham bor. Men aniq biladiganim, Xorazmda bor, Samarqandda hatto to‘rtta bor. Har bitta viloyatda kamida 2−3 tadan bor. Bu katta fojia emas, bundan nimadir yasash kerak emas… Buni yashirmaymiz, bu Saylov kodeksiga zidligini bu yerda (Navoiy viloyati nazarda tutilmoqda — tahr.) ham bilamiz», — degandi Bektemir Pirnafasov.

E’tiborlisi, Tohir O‘rinovning 2 fevralda arizasi olinganiga qaramasdan, u viloyat kengashining 8 apreldagi qarori bilan mahalliy budjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi etib tasdiqlangan.

Navoiy viloyati hokimi matbuot kotibi ham uning hozirda deputat sifatida faoliyat ko‘rsatayotganini inkor qilmadi. «O‘zining ishi bitmay, bu boshqa bitta ishni ham qilishi, endi o‘zingiz bilasiz, hozir hokimu, hokim o‘rinbosarlarida qancha shunday vazifalar bor. Aslida u inson (Tohir O‘rinov — tahr.) fidoyilik qilib, o‘z ishidan ortib, bu ishni, komissiya raisiyu boshqasini ham qilyapti-da, aslida», — deya tushuntirgandi Bektemir Pirnafasov.

«Gazeta.uz» yuqoridagi holatlar yuzasidan huquqiy baho olish maqsadida Bosh prokuraturaga so‘rov yuboradi.