Joriy o‘quv yilida O‘zbekistondagi maktablarni 390 mingdan ortiq yoshlar tamomlaydi. 16 yoshdan oshgan 122 ming nafardan ortiq yoki 31 foiz bo‘lajak bitiruvchi haligacha pasport (ID-karta) olmagan, deb xabar berdi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

XTV ota-onalardan 16 yoshga to‘lgan maktab bitiruvchilarining o‘z vaqtida pasport (ID-karta) olishini ta’minlashni so‘radi. Maktab ma’muriyatlari esa bitiruvchilarning pasport ma’lumotlarini attestat.uzedu.uz saytiga kiritib boradi.

Ma’lumot uchun, oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarning hujjatlari Davlat test markazining abitur.dtm.uz sayti orqali onlayn qabul qilinadi. Abituriyentlar endi avvalgidek oliy ta’lim muassasalariga borib yurishlari shart emas. Onlayn hujjat topshirish uchun bitiruvchilarning pasport (ID-karta) ma’lumotlarini (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami — JSHSHIR) saytga kiritish talab etiladi.

Shu bois, 16 yoshga to‘lgan bitiruvchilar o‘z vaqtida pasport (ID-karta) olishlari zarur.