Ayni vaqta Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallabay ishlash tizimi natijadorligini oshirish hamda aholi bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Davlat rahbari tizimdagi oqsoqliklarni qat’iy tanqid qildi.

«Hali 40 foiz mahallada hokim yordamchilarining ishida natija ko‘ringani yo‘q. Misol uchun, 450 ta mahallada ishsizlik darajasi 20 foizdan yuqori. Bunday mahallalar soni Toshkent viloyatida — 59 ta, Farg‘onada — 52 ta, Andijonda — 45 tani tashkil etib, qolgan hududlardan ko‘p», — dedi prezident.

Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, uning birinchi o‘rinbosari Xotambek Shakirov va soliq boshlig‘i qat’iy ogohlantirildi. Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimlari 1-o‘rinbosarlari lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Shuningdek quyidagilar lavozimidan ozod etildi:

  • Oltinko‘l tumani, Zarafshon shahri hokimlari;
  • Bekobod, Oqqo‘rg‘on, Kosonsoy, Nishon, Izboskan, Qo‘rg‘ontepa, Shovot, To‘rtko‘l, Tomdi, To‘raqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Farg‘ona tumanlari, Navoiy, Kattaqo‘rg‘on shaharlari hokimlarining 1-o‘rinbosarlari;
  • Karmana, Forish tumanlari prokurorlari;
  • Yangiyer, Shahrisabz shaharlari, Forish tumani IIB boshliqlari;
  • Nurota, Muzrabot, Shahrisabz, Mirzacho‘l tumanlari soliq boshliqlari;
  • respublikadan 11 nafar vakil.