«Ayrim hokim yordamchilari ta’magirlik qilayotgani juda achinarli holat» — Shavkat Mirziyoyev

Prezident To‘raqo‘rg‘on tumani «Sharq» mahallasidagi hokim yordamchisi pora olgani uchun 5 yilga qamalganini ma’lum qildi. «Joylardagi ayrim hokim yordamchilari „kredit, subsidiya, yer olib beraman“, deb ta’magirlik qilayotgani ham juda achinarli holat», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Barcha viloyat, tuman va shahar hokimlari qat’iy ogohlantirildi.

Prezident Jahongir Ortiqxo‘jayevni qat’iy ogohlantirdi

Shavkat Mirziyoyev mahallada hokim yordamchilari faoliyati va aholi bandligini ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni tanqid qildi. Prezident Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, uning birinchi o‘rinbosari va soliq boshlig‘ini qat’iy ogohlantirdi. Oltinko‘l tumani va Zarafshon shahri hokimlari, qolaversa, respublikadan 11 nafar vakil lavozimidan ozod qilindi.

«O‘zbekneftgaz» raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi

«O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev o‘zining o‘rinbosarlari faoliyatini tanqid qildi. Uning iqtisodiyot va moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurov o‘z arizasiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Qashqadaryo viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Alisher Qodirov viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumaniga ilk hokim tayinlandi

Qashqadaryo viloyatida yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumaniga Chiroqchi tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Xurram Jo‘rayev tayinlandi. Chiroqchi tumaniga esa Nodir Erkayev hokimlik qiladi.

Yil yakuniga qadar mahallalarda bo‘sh bino qolishi kerak emas — prezident

Mahallalardagi hokim yordamchilari mamlakat bo‘yicha 5 mingga yaqin bo‘sh bino borligini aniqladi. Shavkat Mirziyoyev bo‘sh bino-inshootlarni sotish, ijaraga berishdan tushgan mablag‘larni ushbu mahallaning infratuzilmasini rivojlantirishga sarflashni buyurdi. «Yil yakuniga qadar bo‘sh bino qolishi kerak emas», — dedi u.

Yo‘lovchi xavfsizlik kamarini taqmasa, jarimani kim to‘laydi?

Old o‘rindiqda xavfsizlik kamarini taqmagani uchun jarimani yo‘lovchining o‘zi to‘laydi, deya ma’lum qildi IIV. Jarima miqdori BHMning yarmini (135 ming so‘m) tashkil qiladi. Biroq, MJTKga hali yo‘lovchilar javobgarligi bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritilmagan.

Mart oyida Toshkentdagi uy-joylarning ijara narxlari 15 foizga oshdi

Rossiya OAVlari ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi bir yarim oyda O‘zbekistonga 5 mingdan ortiq rossiyaliklar tashrif buyurgan. Natijada fevral oyining oxiridan mart oyining o‘rtalariga qadar Toshkentda kvartira ijarasining o‘rtacha narxi 15 foizga oshgan. Respublikada so‘nggi uch oyda ijara haqi 0,9 foizga, ya’ni 2021 yilning mos davriga nisbatan ikki baravarga qimmatlashgan.

Furqat tumanida fuqaro o‘z tomorqasida ko‘knori yetishtirayotganligi aniqlandi

Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida yashovchi fuqaro o‘ziga tegishli yer maydonida 6 tup ko‘knori yetishtirayotganligi aniqlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

O‘zbekistonda 410 mingdan ko‘proq xonadonda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar yashaydi

Mahallalardagi hokim yordamchilari 35,3 mln aholi istiqomat qiladigan 6,9 mln xonadonni to‘liq xatlovdan o‘tkazdi. Natijada xonadonlarning 47 foizida qo‘shimcha daromadga ehtiyoji bor, 36 foizida o‘ziga to‘q, 11 foizida kam daromadli va 6 foizida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar yashashi ma’lum bo‘ldi.

Maktab bitiruvchilarining 31 foizi hali pasport (ID-karta) olmagan — XTV

16 yoshdan oshgan 122 ming nafardan ortiq yoki 31 foiz maktab bitiruvchisi haligacha pasport olmagan. Xalq ta’lim vazirligi bitiruvchilar pasportsiz (ID-karta) internet orqali oliy o‘quv yurtiga kirish uchun hujjat topshira olmasligini eslatdi.

Toshkentdagi 158-maktab psixologi o‘quvchi qizlarga tegajog‘lik qilganlikda gumonlanmoqda

Toshkentdagi 158-maktab psixologi 3 — 5-sinf qizlariga nisbatan nomaqbul xatti-harakatlarni qilganlikda gumonlanmoqda. U ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Shuningdek, qizlarni ikki nafar katta yoshli erkak ginekolog tibbiy tekshiruvdan o‘tkazgani ular ruhiyatiga yanada ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatgani aytilmoqda. Hodisa yuzasidan Bosh prokuratura, XTV va Toshkent IIBB bayonot berdi.

Afg‘oniston bilan chegarada vaziyat barqaror — Sherzod Asadov

O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Termiz atrofida O‘zbekiston Qurolli kuchlari Afg‘oniston hududidan raketalar bilan o‘qqa tutilgani to‘g‘risidagi xabarlarni rasman rad etdi.

Toshkent markazidagi AKT vazirligi binosi auksionga qo‘yildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi poytaxt markazida 0,26 gektar maydonda joylashgan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga tegishli binoni sotuvga qo‘ydi. Lotning boshlang‘ich narxi — 66,52 mlrd so‘m etib belgilandi.

MIB 13 yoshli bolaga aliment to‘lamaganligi uchun xorijga chiqishga taqiq qo‘ygani aniqlandi

MIB tomonidan 13 yoshli bolakayga «voyaga yetmagan bolalar uchun aliment to‘lamaganligi uchun» taqiq qo‘yilgani aniqlandi. U o‘z onasi bilan Rossiyaga chiqib ketayotganida aviareysdan to‘xtatib qolingan. MIB ushbu holat «texnik xatolik sababli» yuz bergani va davlat ijrochisiga intizomiy jazo qo‘llanganini ma’lum qildi. Qolaversa, moddiy zararni undirish uchun sudga murojaat qilish so‘raldi.

Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini rivojlantirish markazi tashkil etildi

«Tashkent Pharma Park» farmatsevtika klasteri hududida Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini rivojlantirish markazi tashkil etildi. Markazga tibbiy, klinik va laboratoriya jihozlarini xarid qilish uchun bilan ta’minlash Koreya Eksimbanki jamg‘armasi kreditlari yo‘naltiriladi.

Milliy gvardiyaga bir qator vakolatlar berilmoqda

Milliy gvardiya xodimlariga maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzganlar, voyaga yetmaganlarni tungi vaqtda ko‘ngil ochish (dam olish) joylarida bo‘lishiga yo‘l qo‘yganlar, jamoat joylarida spirtli ichimliklar ichganlar va boshqalarni jarimaga tortish vakolati berilmoqda.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola va fotomateriallar:

Saylov qonunchiligining buzilishi: Navoiy viloyati hokimi matbuot kotibi deputatlik ham qilmoqda

Navoiy viloyati hokimi matbuot kotibi hamda Xatirchi tumani hokimi o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari viloyat kengashida deputat sifatida ham faoliyat yuritmoqda. Saylov qonunchiligiga ko‘ra, ijro hokimiyati vakili bir vaqtning o‘zida deputat sifatida faoliyat ko‘rsatishi mumkin emas. Avvalroq Karmana tumani hokimining birinchi o‘rinbosari va viloyat hokimligi kotibiyat mudiri ham deputatlik qilib kelayotgani haqida ham yozgandik.

Yil oxirigacha ko‘zi ojiz bolalar yashaydigan hududlarda ovozli svetoforlar o‘rnatiladi

Prezident qaroriga asosan ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar IIVga biriktirildi va «Nurli maskan» maktablari deb qayta nomlandi. Yil yakuniga qadar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar yashaydigan hududlarda ovozli svetoforlar va innovatsion yo‘l belgilari o‘rnatiladi. Qolaversa, maktablar uchun Brayl yozuvidagi darsliklar chop etiladi, o‘zbek nutqi sintezatoriga ega maxsus kompyuter dasturlari yaratiladi.

Foto: Toshkentdagi yopiq akvapark va gullar bog‘i qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

Prezident «Texnopark» (sobiq TAPOiCh aviatsiya zavodi) hududida qurilayotgan akvapark va Astronomiya parkidagi gullar bog‘i loyihasi bilan tanishdi. Toshkent shahar hokimi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, poytaxtdagi yopiq akvapark Markaziy Osiyoda eng yirigi bo‘ladi.