Vazirlar Mahkamasining 14 apreldagi [181-son] qarori bilan Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini rivojlantirish markazi tashkil etildi. SSV huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi markaz muassisi hisoblanadi.

Markaz Zangiota tumanidagi «Tashkent Pharma Park» farmatsevtika klasteri hududida joylashtiriladi. Unda qurilish, tibbiy texnika, klinik va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash ishlari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, «Tashkent Pharma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish loyihasi doirasida Koreya Eksimbanki (EDCF) jamg‘armasi kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • dori vositalari klinik tadqiqotlarini xalqaro etik va ilmiy standartlar talablariga muvofiq tashkil etish;
  • respublika hududida klinik tadqiqotlarni rivojlantirish hamda klinik bazalarni jahon standartlari asosida modernizatsiya qilishni muvofiqlashtirish;
  • «Zarur klinik amaliyot (GCP)» talablariga muvofiq dori vositalarinining klinik tadqiqotlarini o‘tkazishni tashkil etish;
  • jenerik dorilarning original dorilarga farmokologik bioekvivalentligini aniqlash;
  • klinik tadqiqot subyektida dori vositalarining farmakokinetik tadqiqotlarini o‘tkazish;
  • tibbiyot xodimlarining klinik tadqiqotlari o‘tkazish sohasida malakasini oshirish;
  • «Zarur klinik amaliyot (GCP)» yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

Markaz pullik xizmatlar ko‘rsatadi, qolaversa, xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar va donor mamlakatlar mablag‘larini jalb qiladi.