«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida ishlab chiqarish va qayta ishlash jarayonlarida yangicha yondashuvni amalga oshirish, moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha debitor qarzdorliklarni undirishga doir masalalar muhokama qilindi, deb xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Yig‘ilishda Mehriddin Abdullayev raisning iqtisodiyot va moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurov o‘z arizasiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etilganini ma’lum qildi. Uning vazifasi vaqtinchalik Buxgalteriya hisobi va korporativ hisobot departamenti boshlig‘i Iqbol Obidovga yuklatildi.


«O‘zbekneftgaz» rahbari imkoniyatlari darajasida jamiyat manfaatlarini o‘ylamayotgani, so‘nggi ikki haftada ko‘plab vazifalar bajarilmagani, «Hududgazta’minot», «O‘ztransgaz» va hamkor banklar bilan aloqalarda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun o‘zining o‘rinbosarlari faoliyatini tanqid qildi.

Bundan tashqari, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi faoliyati hozirda qoniqarsiz ahvolga kelib qolgani sababli, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish maqsadida kechiktirib bo‘lmas choralar ko‘rilishi ta’kidlangan hamda boshqarma boshlig‘i faoliyati tanqidiy o‘rganib chiqilishi bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, debitor qarzdorliklarni bartaraf etish barobarida, burg‘ilash, kapital ta’mirlash, tabiiy gaz quduqlari faoliyatini to‘la ta’minlash borasidagi ishlar birinchi navbatda moliyalashtirilishi bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.