Toshkentda Markaziy Osiyodagi eng yirik yopiq akvapark qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari — investisiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Sharof Raxmanov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Dushanba kuni prezident Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi «Texnopark» (sobiq TAPOiCh aviatsiya zavodi) hududida yangi akvapark loyihasi bilan tanishdi. Majmuani hozirda foydalanilmayotgan 4,5 gektar maydonda va yana bir binoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyasi evaziga barpo etish ko‘zda tutilgan.

Bu yerda ochiq va yopiq suv havzalari, attraksionlar, restoranlar, o‘yin maydonchalari bo‘ladi. Taqdimotga ko‘ra, akvaparkning yopiq qismi 6000 tashrif buyuruvchiga, ochiq qismi esa 1000 kishiga xizmat ko‘rsata oladi.

Davlat rahbari Yunusobod tumanidagi Astronomiya parki hududida barpo etiladigan gullar bog‘i loyihasi bilan ham tanishdi.

«Bu joy aholining madaniy dam olishi, poytaxtimiz ekologiyasi yaxshilanishi uchun yana bir omil bo‘ladi», — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

«Toshkent shahrida Markaziy Osiyoda eng yirik yopiq akvapark loyihasi namoyish etildi. [Prezident tomonidan] tezda bu loyihalarni ishga tushirish topshirig‘i berib o‘tildi», — dedi Sharof Raxmanov.

Akvapark


Gullar bog‘i