Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev YPX xodimini videoga olib, ularni kamsitish ularning oila a’zolariga yomon ta’sir qilishini aytdi. Bu haqda u YPX xodimlari bilan yig‘ilishda aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir fuqaroning o‘ziga yarasha muammosi bor, agar YPX xodimlari ularga bitta og‘ir gap gapirsa, muammolari battar alanga oladi. Shu bois hokim xodimlardan iloji boricha xushmuomala bo‘lishni so‘radi.

Qolaversa, Jahongir Ortiqxo‘jayev fuqarolarga ham murojaat qildi.

«PYX xodimlarimiz ham kimnidir akasi, kimnidir ukasi, otasi. Fuqarolarimiz ham bular bilan muomala qilayotganda og‘irroq bo‘lishlarini, beodoblik qilmasliklarini juda iltimos bilan so‘ragan bo‘lardim. To‘g‘ri tushuninglar, har bir YPX xodimiga qo‘pol gapirish, videoga olib, uni internetga chiqarsa, faraz qilinglar, kimdir video olib, ustidan kulganday bo‘layapti, xodim [xizmatda] 10 soat turgandan keyin uyiga borsa, uni 16 yoshli voyaga yetgan qizi yoki o‘g‘li, katta yoshli otasi yoki onasiga [buni ko‘rish] og‘ir», — dedi hokim.

U shuningdek, arzimagan tortishuv ortidan YPX xodimlarini suratga olib, ularni yaqinlari oldida sharmanda qilish o‘zbek xalqiga yarashmasligini ta’kidladi.

«Bir YPX xodimining haqoratlanishi yoki kamsitilishi uning butun oilasiga qattiq ta’sir qiladi. Fuqarolarimiz arzimagan jarimani to‘lamaslik yoki qo‘pol gapirib qo‘yganligi uchun YPX xodimlarini uyida yashaydigan 10 kishiga, uni bilgan yaqinlarini oldida sharmanda qilishi bizni xalqimizga umuman yarashmaydigan holat deb o‘ylayman. Bunday beodoblik Toshkentda umuman bo‘lmasligi kerak», — dedi u.

«Fuqarolarimizdan o‘tinib so‘rayman, xodimlar bilan muloqotda bo‘lganda huddi o‘zlarini aka-ukalari, otalari, jiyanlari, eng yaqinlaridek muomala qilsalar, o‘ylaymanki, bu poytaxtga yarashadi», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Hokim YPX xodimlaridan bir hafta tajriba sifatida haydovchilarga xushmuomala bo‘lib, munosabat qilishni so‘radi. «Fuqarolarimiz o‘zlarining sizlarga bo‘lgan fikrlarini, muomalalarini keskin ravishda o‘zgartirishiga 100 foiz ishonchim komil», — dedi u.

Bundan tashqari, u poytaxtdagi 900 kishilik YPX tarkibi faoliyatini ijobiy tarafga o‘zgartira olmasa, uning «hokim sifatidagi ishi arzimasligini» qo‘shimcha qildi.