13 aprel kuni Qashqadaryoning G‘uzor tumani «Sovbog‘» mahallasida yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat yuritgan 37 yoshli erkak o‘zini osib qo‘ydi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

Marhum oilali, 3 nafar farzandi bo‘lgan. O‘sha kuni qo‘shnisining yashamaydigan xonadonidagi og‘ilxonada o‘zini-o‘zi osib vafot etgan.

«Tekshirish davomida marhum oxirgi vaqtlarda ko‘p spirtli ichimlik iste’mol qilishi oqibatida ruhiyatida o‘zgarish bo‘lganligi aniqlangan», — deyiladi xabarda.

Marhumning o‘lim sababiga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Holat bo‘yicha G‘uzor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakati olib borilmoqda.

«Daryo» o‘z manbasiga tayanib, so‘nggi paytlarda marhumning xonadoniga qarzini so‘rab keluvchilar ko‘payganini qayd etdi.

G‘uzor tumani hokimligi ma’lum qilishicha, marhum bir necha yil «Sovbog‘» mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ul kotibi, mahalla raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

U mahalla tizimini yaxshi tushunishi, mahallani yoshu-qarisini tanishi va namunali xulqi va boshqa yaxshi fazilatlari uchun 2022 yil 24 yanvardan mahallada yoshlar yetakchisi lavozimida ish boshlagan.

«Marhum B.F. mehnat faoliyati davomida mahalladagi yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishda aktiv bo‘lgan. O‘z faoliyati bo‘yicha berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarib kelgan hamda yoshlar ishtirokidagi barcha tadbirlarda ham faol ishtirok etgan», — deyiladi xabarda.