Toshkent shahri Sergeli tumanidagi 68-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi kompyuter klubidagi janjal oqibatida vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, 17 aprel kuni taxminan soat 18:00 lar atrofida Sergeli tumani 2-massivda joylashgan «Game club» kompyuter klubida 16 yoshli I.Sh. va 18 yoshli X.S. o‘rtasida kelib chiqqan tushunmovchilik natijasida X.S. tanishi I.Sh.ning yuz va tanasiga qo‘l va oyoqlari bilan urib, og‘ir tan jarohati yetkazgan. Shundan so‘ng I.Sh. xushsiz holatda yerga yiqilgan.

Olgan tan jarohatlari oqibatida I.Sh. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketilayotgan vaqtda tez tibbiy yordam mashinasida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Sergeli tuman IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (tamagirlik niyatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.