Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev YPX xodimlari uchun «Eng yaxshi yo‘l harakati xavfsizligi xodimi» tanlovini o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda u shanba kuni YPH xodimlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, homiylar tomonidan 3 ta mashina taqdim etilgan. «Konkurs qilsakda, uning uchun haydovchilarimiz ovoz bersin. Eng yaxshi yo‘l harakat xavfsizligi xodimiga homiylar tomonidan mashina berilgan», — dedi hokim.

Unga ko‘ra:

1-o‘rin — Lacetti;
2-o‘rin — Nexia;
3-o‘rin — Spark taqdim etiladi;

Shuningdek, Jahongir Ortiqxo‘jayev bu tanlovni har yili o‘tkazishni, jumladan, joriy yilda Mustaqillik kuni bayrami arafasida o‘tkazishni taklif qildi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda poytaxt hokimi shahardagi YPX xodimlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish zarurligini aytdi.

«Ko‘chaga chiqqanda hamma haydovchida qandaydir muammo bo‘ladi. Agar sizlar ularni to‘xtatib, bitta og‘ir gap gapirsalaringiz, u yonib ketadi. Shuning uchun iloji boricha odamlarni to‘xtatganlaringizda xushmuomala bo‘lib, poytaxt YPHsiga yarashadigan holatda muomala qilsangiz, men albatta bilamanki, bu fuqarolardan yomonlik bo‘lmaydi», — dedi u.

Jahongir Ortiqxo‘jayev shahardagi 900 nafar YPX xodimini har oy qabul qilib, ularning muammolariga yordam berishini aytdi. Buning evaziga esa odamlar bilan xushmuomala munosabatda bo‘lishni so‘radi.