2022 yilning mart oyida haydovchilikka tayyorlash bo‘yicha kurslar narxlari fevral oyiga nisbatan 13,3 foizga, yil boshidan beri esa o‘rtacha 13,9 foizga qimmatlashgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

«Kurslar narxlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ya’ni bir yilda o‘rtacha 15,2% ga qimmatlashgani kuzatilgan», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev «bundan buyon haydovchining intizomiga qarab, uni o‘qitgan avtomaktab faoliyatiga ham baho beriladi», deya ta’kidlagandi. Qolaversa, o‘shanda viloyat hokimlari va ichki ishlar boshliqlariga uch oy muddatda hududlarida zamonaviy avtomaktab va imtihon markazlarini tashkil etish topshirilgandi.

Vazirlar Mahkamasi yangi yo‘l harakati qoidalarini jamoatchilik muhokamasisiz tasdiqladi. Aholi punktlarida standart maksimal tezlik o‘zgarishsiz (70 km/soat) qoldirildi. Respublika komissiyasi uni yirik shaharlarning ma’lum joylarida 60 km/soatgacha kamaytirishi mumkin. Maktablar va bolalar bog‘chalarida tezlik 30 km/soat, aholi turar joylarida 20 km/soatni tashkil etdi. O‘zgartirishlar 1 maydan kuchga kiradi.

Fevral oyida haydovchilik guvohnomasi uchun imtihon topshirishga mo‘ljallangan Yagona imtihon markazi o‘z faoliyatini boshladi. Markazga kelgan nomzod nazariy savollarga to‘g‘ri javob berishi va so‘ngra imtihonning amaliy qismidan o‘tishi kerak. Shundan so‘ng, 4 fevraldan Toshkent shahar IIBB YHXB ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘lim-bo‘linmalarida haydovchilik guvohnomasi uchun imtihonlarni qabul qilish to‘xtatildi.