Qasim-Jomart Toqayevning Qozog‘iston xalqiga murojaatnomasida nazarda tutilgan 10 ta asosiy siyosiy islohot doirasida davlat rahbari qator huquqlardan mahrum qilinishi mumkin. Bu haqda 18 aprel kuni mamlakat adliya vaziri Kanat Musin ma’lum qildi, deya xabar berdi Orda.kz nashri.

«Davlat rahbarining prezidentlik davrida siyosiy partiyalarga a’zo bo‘lishini taqiqlash, shu tariqa davlat apparatini partiya tuzilmalari bilan birlashtirish muammosiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu taqiqdan avval prezident „Amanat“ partiyasining navbatdagi qurultoyida raislik lavozimini tark etish niyati haqida bayonot bergan edi», — dedi Kanat Musin.

Qasim-Jomart Toqayev, shuningdek, prezidentga yaqin shaxslar kimlardan iborat ekanligi masalasini ham ko‘tarib chiqqan. Unga ko‘ra, qonun hujjatlarida yaqin qarindoshlar deganda ota-onalar, bolalar, farzand asrab oluvchilar, farzandlikka olinganlar, to‘liq va noto‘liq aka-uka va opa-singillar, bobo, buvi, nabiralar nazarda tutiladi. Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida qaynona-qaynota, ya’ni er-xotinning yaqin qarindoshlari uchun ham cheklovlar belgilangan.

«Shunday qilib, qonunchilik darajasida tegishli taqiqlar o‘rnatilgandan so‘ng, masalan, prezidentning ukasi, opasi, farzandlari „Samruk-Kazina“ yoki „Bayterek“ kabi milliy kompaniyalarda yetakchilik qila olmaydi», — degan adliya vaziri Kanat Musin.

Nashrining qayd etishicha, Qozog‘istonning Bolgariyadagi elchisi Temirtay Izbastin ham prezident Qasim-Jomart Toqayev tashabbusi bilan kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kirganidan keyin o‘z lavozimini tark etadi. Izbastin Toqayevning singlisi Karliga Izbastinaning (Tokayeva) turmush o‘rtog‘i hisoblanadi.

«Konstitutsiyaga prezidentning yaqin qarindoshlariga siyosiy lavozimlarni egallashga taqiq kiritilmoqda. Siyosiy lavozimlar ro‘yxati juda keng bo‘lib, unga ma’lum darajadagi diplomatik xodimlar kiradi. Bunday taqiq joriy etilishi bilan, albatta, hamma narsa qonunga muvofiqlashtiriladi. U bu lavozimni bo‘shatadi, chunki qonunga ko‘ra, u bu lavozimda ishlay olmaydi», — degan Adliya vaziri.

Shuningdek, vazirning so‘zlariga ko‘ra, prezidentning Sudyalar oliy kengashi tarkibini shakllantirish bilan bog‘liq vakolatlari ham o‘zgaradi. Konstitutsiyada belgilangan amaldagi tartibga ko‘ra, prezidentning o‘zi Sudyalar oliy kengashi tarkibini tuzadi, shuningdek, Konstitutsiyaviy kengash raisini tayinlaydi. Endi ularga Konstitutsiyaviy kengash va Sudyalar oliy kengashi raislari lavozimlariga nomzodlarni kelishish huquqini parlament Senati deputatlariga berish taklif qilinmoqda.

Shu bilan birga, Sudyalar oliy kengashi tarkibini shakllantirish qonun bilan belgilanadi.

Kanat Musinning so‘zlariga ko‘ra, prezidentning viloyatlar va respublika ahamiyatiga molik shaharlar hokimlari hujjatlarini to‘xtatib turish yoki bekor qilish huquqini, shuningdek, tuman va qishloq hokimlarini lavozimidan ozod etish huquqini istisno qilish bilan bog‘liq o‘zgartirishlar rejalashtirilgan. Prezidentning bunday vakolatlari bekor qilinadi. Bu islohot mahalliy vakillik va ijroiya organlarining mustahkamlanishiga, umuman, siyosiy modernizatsiyaga xizmat qilishi kerak.

O‘z navbatida, bildirilgan tashabbuslarni amalga oshirish uchun «Qozog‘iston Respublikasi prezidenti to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy va bir qator boshqa qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish zarur bo‘ladi. Vazirlikning yozishicha, tegishli qonun loyihalarini parlament muhokamasiga avgust oyida kiritish hamda yil oxirigacha qabul qilish rejalashtirilmoqda.