17 aprel kuni Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogining so‘nggi kuni bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi matbuot xizmati.

O‘zbekiston gimnastikachilari musobaqalarda jami 7 ta medalni qo‘lga kiritdi: 4 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza. Federatsiyaning qayd etishicha, bu terma jamoaning jahon chempionati tarixidagi eng yaxshi natijasi hisoblanadi.


Halqa bilan o‘ynash natijalarida o‘zbekistonlik Taxmina Ikromova 31,70 ball bilan peshqadamlik qildi. Bu uning ko‘pkurashdagi chiqishidan keyingi ikkinchi oltin medali bo‘ldi. Kumush medal sloveniyalik gimnastikachi Yekaterina Vedeneyevaga, bronza esa germaniyalik Darya Varfolomeyevga nasib etdi.

To‘p bilan mashq bajarishda o‘zbekistonlik gimnastikachilar sovrinli o‘rinlarni egallay olmadi. Birinchi va ikkinchi o‘rinlarni Germaniya vakillari Margarita Kolosov va Daria Varfolomeyev, uchinchi o‘rinni Yekaterina Vedeneyeva egalladi.


Jamoalarning beshta halqa bilan guruh mashqlari bo‘yicha chiqishlarida Shaxzada Ibragimova, Nargiza Jumaniyozova, Nilufar A’zamova, Mumtoza Isxakzoda, Mariya Pak va Xurshida Abduraufovadan iborat O‘zbekiston terma jamoasi Bolgariya terma jamoasidan ortda qolib, ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rin qozog‘istonlik gimnastikachilarga nasib etdi.

Musobaqa dasturida bulava bilan individual mashqlar o‘tkazildi. Unda Taxmina Ikromova 31,5 ball to‘plagan holda yana oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin 31,25 ball bilan sloveniyalik Yekaterina Vedeneyeva, uchinchi o‘rin 29,8 ball bilan germaniyalik Margarita Kolosovga nasib etdi.


Tasma bilan mashq bajarishda Taxmina Ikromova 28,95 ball bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Darya Varfolomeyev (Germaniya) — 29,10 ball, birinchi o‘rinni esa — Yekaterina Vedeneyeva (Sloveniya) — 30,15 ball bilan band etdi.


Guruhda uchta lenta va ikkita to‘p bilan mashq bajarishda Shahzoda Ibragimova, Nargiza Jumaniyozova, Nilufar A’zamova, Mumtoza Isxakzoda, Mariya Pak va Xurshida Abduraufova Qozog‘iston va Bolgariya terma jamoalarini ortda qoldirib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.