Navoiy viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi, Yer resurslarining talon-toroj qilinishining oldini olish bo‘linmasi xodimlari, DXX Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi, prokuratura organlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda IIV Axborot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, fuqaro O‘. H. o‘ziga davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida Navoiy shahri, «Kimyogar» MFY hududidan sun’iy qoplamali futbol maydonchasi va yordamchi bino obyektini qurish uchun ajratilgan 9,9 sotix yer maydonini fuqaro A.ga savdo majmuasini qurish uchun sotmoqchi bo‘lgan.

O‘. H. majmuani qurib bo‘lgach, tanishlari yordamida faoliyat turini o‘zgartirish bilan bog‘liq hujjatlarini rasmiylashtirib berish 50 ming so‘ragan. U oldindan 30 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.