Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan hayvonot dunyosiga zarar yetkazish holati aniqlandi, deya xabar qildi Departament matbuot xizmati.

Departamentning Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi resurslaridan foydalanish sohasida iqtisodiy huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro F. T. taqiqlangan ov quroli — «leska»dan to‘qilgan to‘rlardan foydalanib, tabiiy hududdan 107 bosh sudak, 22 bosh zog‘orabaliq (sazan), 20 bosh «tovonbaliq», «oq amur» va «vobla» kabi baliqlarini ovlagani aniqlandi. Ushbu xatti-harakatlari bilan fuqaro hayvonot dunyosiga 31,2 mln so‘m zarar yetkazilgani ma’lum qilindi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 202-moddasi (hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.