O‘zbekistonda yil davomida haydovchilarni tayyorlash kurslarida o‘qish to‘lovlarining oshishi qayd etildi. Jumladan, Jizzax va Samarqand viloyatlarida bu ko‘rsatkich maksimal (1,4 baravarga) bo‘ldi, deya qayd etdi Davlat statistika qo‘mitasi.

Avvalroq, 2022 yilning mart oyida haydovchilikka tayyorlash bo‘yicha kurslar narxlari fevral oyiga nisbatan 13,3 foizga, yil boshidan beri esa o‘rtacha 13,9 foizga qimmatlashgani ma’lum qilingandi.

«Kurslar narxlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ya’ni bir yilda o‘rtacha 15,2% ga qimmatlashgani kuzatilgan», — deyiladi Davlat statistika qo‘mitasi xabarida.

2021 yilda kurs narxlari o‘rtacha 0,3 foizga oshgan.

Narxlarning oshishi sabablari

Samarqand viloyatidagi avtomaktablardan birining rahbarining aytishicha, mart oyida haydovchilar tayyorlash maktablari egalari 2,5 mln so‘mlik yagona narx belgilashga kelishib olgan. Ushbu miqdorga o‘quv, amaliy mashg‘ulotlar kiradi va talabalardan qo‘shimcha to‘lovlar (yoqilg‘i va boshqalar uchun) olinmaydi.

«O‘tgan yili ba’zilar uchun ta’lim narxi hatto 700−800 ming so‘mni tashkil qilgan. Ilgari, shoshilinch ravishda haydovchilik guvohnomalari berganlar bo‘lgan. Yoki boshqalar bir guruh tinglovchilarni to‘plagan, lekin amaliy mashg‘ulotlar uchun mashinalari bo‘lmagan. Bunday holatlarning oldini olish uchun 2,5 mln so‘m miqdorida yagona narx belgilashga qaror qildik. Hech kim bu summadan ko‘p yoki kam olmaydi», — dedi u.

Tadbirkorning aytishicha, narxlar dempingi tufayli o‘qitish sifati tushib ketgan. Unga ko‘ra, endilikda avtomaktablar egalarining o‘zlari yagona narxlarga rioya etilishini tekshiradi.

Jizzax viloyatida ham yagona narx belgilangan. Jizzaxdagi avtomaktab egasining aytishicha, soha tadbirkorlari, YHXBning ro‘yxatga olish-imtihon bo‘limi vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda yagona narxni 1 mln 600 ming so‘m qilib belgilash bo‘yicha kelishuvga erishgan.

«Avvallari ta’lim narxi 950 ming so‘m, 1 mln so‘m edi. Garchi bundan 6−7 yil avval 1 mln 200 ming so‘mga o‘qitilgan. Endi 1,6 mln so‘mlik yagona narx belgilashga kelishib oldik. Aks holda, o‘qitish narxi o‘qituvchilar va xodimlarning ish haqi, haydash paytida avtomobillarni ishlatish, kommunal to‘lovlar xarajatlarini qoplamaydi. Shu sababli ko‘pchilik [ta’limda] tejashni boshladi», — dedi u.

Haydovchilar tayyorlash maktabining yana bir rahbari «B» toifasi uchun ta’limning yagona narxi 1,6 mln so‘m, «BC» toifasi uchun 2,04 mln so‘m etib belgilanganini qo‘shimcha qildi.