O‘zbekiston zaxiralari 205 mln dollarga kamaydi

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari aprel oyi boshida 35,15 mlrd dollargacha qisqardi. Bu pasayish asosan valyuta zaxiralarining kamayishi bilan bog‘liq. Oltin zaxiralarining jismoniy hajmi o‘zgarmagan, ammo qiymati ozroq oshgan.

Toshkent hokimi xushmuomala YPX xodimlarini Lacetti, Nexia, Spark bilan mukofotlashini ma’lum qildi

Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev YPX xodimlari uchun «Eng yaxshi yo‘l harakati xavfsizligi xodimi» tanlovini o‘tkazishni taklif qildi. Bunda xodimlar faoliyati haydovchilarning ovoz berishi yo‘li bilan baholanadi. Eng yaxshi 3 nafar xodim Lacetti, Nexia va Spark mashinasi bilan taqdirlanadi.

«YPX xodimining haqoratlanishi butun oilasiga qattiq ta’sir qiladi». Ortiqxo‘jayev xodimlarni tasvirga olish haqida

Poytaxt hokimi YPX xodimlaridan bir hafta davomida tajriba tariqasida haydovchilarga xushmuomala bo‘lishni, fuqarolardan esa xodimlarni suratga olib, haqorat qilmaslikni «o‘tinib so‘radi». «YPX xodimining haqoratlanishi yoki kamsitilishi uning butun oilasiga qattiq ta’sir qiladi. Bunday beodoblik Toshkentda umuman bo‘lmasligi kerak», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayolning ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanishi belgilandi

Toshkent hayvonot bog‘ida qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayolning Toshkent Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklari shifoxonasida majburiy davolanishi belgilandi.

Fuqarolar O‘zbekistonga olib kirayotgan diniy materiallar ham gologramma bilan tamg‘alanadi

Endilikda O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan diniy mazmundagi materiallar ijobiy xulosa olingandan keyin gologramma bilan tamg‘alanadi. Shuningdek, sayt va fuqarolar tomonidan xorijda tayyorlangan diniy materiallarni ijobiy xulosa olmasdan tarqatganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Uch oyda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 3% ga o‘sgan

Yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga 1,47 mlrd dollarlik pul mablag‘lari jo‘natilib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 foizga ko‘proqdir. Shuningdek, aholi o‘rtasida xorijiy valyutaga talab 69% ga oshgan.

Sobiq Agregat zavodi hududi autsionda 208,7 mlrd so‘mga sotildi

Toshkentning Olmazor tumanidagi 9,6 gektar maydonda joylashgan Agregat zavodi yer uchastkasini Build Power kompaniyasi sotib oldi. Bu yerda ko‘p qavatli arzon uylar qurish rejalashtirilgan. Bitim qiymati — 208,7 mlrd so‘m.

O‘zbekiston gimnastikachilari jahon kubogida 7 medalni qo‘lga kiritdi

Toshkentda bo‘lib o‘tgan badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bosqichida O‘zbekiston gimnastikachilari 4 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shulardan 3 ta oltin va 1 ta bronzani terma jamoa hisobiga Taxmina Ikromova olib keldi.

Avtomaktablarda o‘qish narxi bir yilda o‘rtacha 15,2 foizga qimmatlashdi

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, haydovchilikka tayyorlash bo‘yicha kurslar o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 15,2 foizga, yil boshidan beri esa 13,9 foizga qimmatlashgan.

Haftaning birinchi yarmida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

O‘zgidromet haftaning birinchi yarmida respublika bo‘yicha yomg‘ir yog‘ishi kutilayotganini ma’lum qildi. Chorshanba kunigacha ba’zi hududlarda shamol 17−22 m/s gacha kuchayadi, natijada ayrim joylarda chang to‘zon kuzatiladi. Havo xarorati esa +20…+28 daraja atrofida bo‘ladi.

Qashqadaryoda mahalla yoshlar yetakchisi o‘z joniga suiqasd qildi

G‘uzor tumanining «Sovbog‘» mahallasida yoshlar yetakchisi bo‘lib ishlagan 37 yoshli erkak o‘zini osib qo‘ydi. Bunga uning ruhiyatidagi o‘zgarishlar, shu jumladan qarzi ko‘payib ketgani va ko‘p miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilgani sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Jizzax va Surxondaryodagi avariya oqibatida 4 kishi yonib ketdi

Jizzaxda Nexia-2 haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishdagi Nexia-3 bilan to‘qnashdi. Buning oqibatida mashina yonib, bir kishi halok bo‘ldi, yana uch kishi jarohatlandi. Surxondaryodagi avariyada esa haydovchi va ikki yo‘lovchi mashina salonida yonib ketdi.

Kompyuter klubidagi janjal oqibatida maktab o‘quvchisi vafot etdi

Toshkentda kompyuter klubidagi janjal oqibatida 16 yoshli o‘quvchi og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etdi. Holat bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

O‘zbekiston harbiylari xalqaro «Sayan yurishi» musobaqasida uchinchi o‘rinni egalladi

Rossiyada Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida o‘tkazilgan «Sayan yurishi» musobaqasida O‘zbekiston harbiylari rus va xitoy vakillaridan keyingi uchinchi o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston gimnastikachilari jahon kubogida 7 medalni qo‘lga kiritdi

Toshkentda bo‘lib o‘tgan badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bosqichida O‘zbekiston gimnastikachilari 4 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shulardan 3 ta oltin va 1 ta bronzani terma jamoa hisobiga Taxmina Ikromova olib keldi.

Navoiyda DXSH asosida mini stadion qurishga ajratilgan yerni $50 mingga sotishga uringan shaxs ushlandi

Navoiyda fuqaro o‘ziga davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida futbol maydonchasi qurish uchun ajratilgan 9,9 sotix yer maydonini 50 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi.

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida taqiqlangan to‘rda baliq ovlagan erkak ushlandi

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida taqiqlangan ov quroli — «Leska»dan to‘qilgan to‘rlar yordamida 150 boshdan ziyod baliq tutgan erkak ushlandi. Tabiatga 31,2 mln so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum qilindi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

ITSV — bosh vazir o‘rinbosari rafiqasi va qaynotasi nomining «Pandora arxivida» keltirilgani haqida

Ofshor kompaniyalar xizmatidan foydalanish bo‘yicha «Pandora arxivi»da bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzakovning rafiqasi Nodira Umurzakova va qaynotasi Marlen Azizovning ham nomlari borligi ma’lum bo‘ldi. ITSVning bildirishicha, Azizov 1990-yillarning boshidan buyon biznes bilan shug‘ullangan, Umurzoqova esa hech qachon xorijda hech qanday aktiv yoki mulkka egalik qilmagan yoki benefitsiar bo‘lmagan.