Rossiyada bo‘lib o‘tgan Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida o‘tkazilgan «Sayan yurishi» musobaqasi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston harbiy xizmatchilari terma jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi, deya «Gazeta.uz»ga xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Ushbu musobaqalarda ikkinchi bor ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi o‘tgan yilgi natijasini saqlab qoldi. Umumjamoa hisobida Rossiya jamoasi musobaqa g‘olibi bo‘lgan bo‘lsa, Xitoy jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi.


Musobaqada O‘zbekistondan tashqari Abxaziya, Eron, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Janubiy Osetiya terma jamoalari ishtirok etdi.

Musobaqa nizomiga ko‘ra, jamoalar harakatlanish qiyin bo‘lgan tog‘ hududlarida 50 kilometrlik masofani bosib o‘tib, 12 ta shart bo‘yicha ko‘rsatilgan me’yovrlarni bajardi. Har bir jamoa ishtirokchilaridan nafaqat mutaxassis sifatida mahoratini ko‘rsatish, balki musobaqa nizomiga muvofiq, jangovar va jismoniy tayyorgarlik darajasini ham namoyish qilgan holda harakatlanish talab etildi.


G‘olib va sovrindorlarga Xalqaro armiya o‘yinlarining medallari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. 17 aprel, yakshanba kuni Toshkent xalqaro aeroportida o‘zbekistonlik musobaqa ishtirokchilari tantanali ravishda kutib olindi.

Video