Markaziy bank jismoniy shaxslar tomonidan 2022 yil yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga yuborilgan mablag‘lar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, yanvar-mart oylarida xorijdan O‘zbekistonga 1,47 mlrd dollar miqdorida pul mablag‘lari jo‘natilgan. Bu esa 2021 yilning xuddi shu davriga nisbatan 3 foiz yoki 49 mln dollar ko‘proq yuborilganini anglatadi.

«Jismoniy shaxslar uchun chet eldan xalqaro pul o‘tkazmasi orqali kelib tushgan pul mablag‘larini o‘z xohishlariga ko‘ra, chet el valyutasida yoki milliy valyutada olish imkoniyatlari yaratilgan», deyiladi Markaziy bank xabarida.

Shuningdek, Markaziy bank 2022 yilning I choragida tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslardan jami 2,11 mlrd dollar miqdorida yoki 2021 yilning mos davriga nisbatan 38 foizga (585 mln dollar) ko‘proq xorijiy valyuta sotib olinganini ma’lum qildi.

O‘z navbatida, tijorat banklari orqali jismoniy shaxslarga jami 1,73 mlrd dollar miqdorida yoki 2021 yilning mos davriga nisbatan 69 foizga (709 mln dollar) ko‘p xorijiy valyuta sotilgan.

Avvalroq, Jahon banki Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatlarning Markaziy Osiyo mintaqasiga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmiga ta’sirini inobatga olgan holda, O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 2022 yilda 21 foizga qisqarishi kutilayotganini taxmin qilgan edi. Shuningdek, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ham mart oyining birinchi yarmida Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilga nisbatan «sezilarli» darajada kamaygani to‘g‘risida ma’lum qilgan.