18 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida yanvarda qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayolga tibbiy yo‘sindagi majburlov ehtiyot chorasini qo‘llash masalasini hal qilishga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni o‘z nihoyasiga yetdi. Bu haqda Oliy sud vakili Aziz Abidov ma’lum qildi.

E’lon qilingan sud ajrimi bilan Z. To‘laganova (1991 y. t.) ijtimoiy xavfli qilmishni aqli noraso holatda sodir etgan, deb topilib, uning Toshkent Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklari shifoxonasida majburiy davolanishi belgilandi.

Ushbu ajrimdan norozi tomonlar 20 sutka muddat ichida shu sud orqali Toshkent shahar sudiga xususiy shikoyat yoki xususiy protest keltirishga haqli ekanligi ma’lum qilindi.

Mart oyi oxirida Bosh prokuratura ayolga tegishli jinoyat ishini unga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llashni hal qilish uchun sudga yuborgan edi. Ayol «umrbod ruhiy xastalik bilan betoblanib kelgan», shu bois u tergov va sudda to‘g‘ri ko‘rsatmalar berish qobiliyatiga ega emas, deb ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 28 yanvar kuni (1991 yilda tug‘ilgan) ayol o‘zining 3 yoshli qizchasini bog‘ mehmonlari ko‘z o‘ngida to‘siq ortidan ayiqning qafasiga tashlab yuborgan edi. Zuzu laqabli Kavkaz ayig‘i qizga yaqinlashib, hidlab ko‘rib, so‘ng ortiga qaytgan. O‘shanda bog‘ ishchilari ayiqni ichki xonaga chaqirib olishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Toshkent hayvonot bog‘ida ayiq voleriga onasi tashlab yuborgan qizaloqda ochiq bosh miya jarohati va bosh miya chayqalishi aniqlanib, SSV uning ahvoli yaxshiligi va shifokorlar nazoratida ekanligini ma’lum qildi. O‘shanda prokuratura tomonidan ayolga nisbatan JKning 25-moddasi orqali 97-moddasi 2-qismi «v» bandi (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda, ya’ni aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi ochildi.

Shuningdek, uni tashlab yuborgan ayol psixonevrologik dispanser ro‘yxatida turgani, oilada bosimga uchragani va turmush o‘rtog‘i bilan ajrashmoqchi bo‘lgani xabar berilgandi. Fevral oyi oxirlarida qizaloqning ahvoli yaxshilangani bois shifoxonadan uyiga javob berildi. U hozircha buvisining qaramog‘ida bo‘ladi.