Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, bir guruh og‘ufurushlar faoliyatiga chek qo‘yildi, deya xabar qildi DXX matbuot xizmati.

Xususan, narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan, Qorako‘l tumanida yashovchi fuqaro (1983 y.t.) ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositasini sotmoqchi ekanligi to‘g‘risida ma’lumotlar olinib, tezkor tadbir rejasi ishlab chiqildi va narkosavdogar kuzatuvga olindi.

Qorako‘l tumani Tayqir MFY hududidan o‘tuvchi yo‘l yoqasida u 1 kg 681 gr «opiy» moddasini muqaddam sudlangan shaxsga (1959 y.t.) 9100 dollarga sotgan vaqtida, ularning har ikkisi ham qo‘lga olindi.

Shuningdek, dastlabki surishtiruv harakatlari davomida, og‘ufurush kelgusida sotish maqsadida yashash xonadonining tomorqasiga 1 kg 68 gr «opiy» moddasini yashirib qo‘yganligi ma’lum bo‘lib, u ham xolislar ishtirokida protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

O‘z navbatida, musodara etilgan giyohvandlik vositalari afg‘onistonlik narkokurerlar tomonidan keltirilgani to‘g‘risida ma’lumotlar olinib, DXX hamda viloyat bojxona va ichki ishlar boshqarmalari xodimlari hamkorligida tezkor tadbirning ikkinchi bosqichi amalga oshirildi. Natijada, Afg‘oniston fuqarosi (1971 y.t.) 940 gr «opiy» moddasini Buxoro shahriga olib kelib, 2500 dollarga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.

DXXning ta’kidlashicha, ushbu giyohvandlik vositasi boshqa afg‘on narkokur’erlari tomonidan bojxona nazoratidan yashirib, mamlakat hududiga olib o‘tilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 3 kg 689 gr «opiy» moddasi musodara qilindi.

Hozirda DXXning Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan har uchchala fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qorasuv shahrida yashovchi, fuqaro (1993 y.t.) qirg‘izistonlik narkokur’erlar tomonidan Andijon shahriga yetkazib berilgan 5 kg. 311 gr. «gashish» moddasini qabul qilib olgan vaqtida ushlandi.

Uning yashash manzilida 224 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Bundan tashqari, uning jinoiy sherigi bo‘lgan, Qorasuv shahrida istiqomat qiluvchi, shaxs (1994 y.t.) ham qo‘lga olindi.

Hozirda DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan mazkur ikki fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.