Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 aprel kuni tadbirkorlik uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda 2022 yil uchun tijorat banklariga 2 trln so‘m imtiyozli kredit resurslari berilgani qayd etildi. Lekin bugungi kungacha tijorat banklariga kiritilgan 790 mlrd so‘mlik talabnomadan atigi 53 foizi, ayrim hududlarda esa 25−30 foizi moliyalashtirilgan, xolos. Tijorat banklarining bu boradagi faoliyati tanqid qilinib, qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi.

Prezident so‘nggi vaqtlarda ayrim hududlarda tadbirkorlar faolligi pasaygani, ular kredit, soliq va infratuzilma bilan bog‘liq qiyinchiliklarga uchrayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

Jamg‘armaning banklardan 378 mlrd so‘m miqdorida qarzdor bo‘lib qolgan. Moliya vaziri Timur Ishmetovga 1 mayga qadar jamg‘armaga 400 mlrd so‘m, so‘ngra ikki oy ichida yana 500 mlrd so‘m o‘tkazib berish topshirildi.

«Agar Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga pul bermasak, tadbirkorlarni rivojlantirish to‘xtab qoladi. Bu, albatta katta pul — 1 trln so‘m — katta pul, lekin boshqa yo‘limiz yo‘q», — dedi prezident.

Xizmatlar sohasida O‘zmilliybank tomonidan jalb qilingan 200 mln dollar hisobidan 5,5 mlrd so‘mgacha kreditlar ajratiladi. Shu bilan birga, kredit stavkasi, Tadbirkorlik jamg‘armasi kompensatsiyasini hisobga olgan holda, 18 foizdan oshmaydi.

Shu bilan birga, viloyatlarda kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun 300 mln dollar resurs beriladi. Bu mablag‘ tadbirkorlar uchun eng yaxshi shartlar taklif qilgan banklarga 7 yil muddatga 10 foiz stavkada milliy valyutada joylashtiriladi. Bunda, tadbirkorga taqdim etiladigan kredit stavkasi 14 foizdan oshmaydi.

«Ajratiladigan har bir dollar, har bir so‘m — budjetdanmi, bankdanmi — bu hammasi xalqning puli. Infrastruktaraga javob beradigan gaz, suv, svet vahokazo — o‘shalar juda katta poraxo‘rlik bilan shug‘ullanyapti. Banklar juda katta poraxo‘rlik bilan shug‘ullanyapti. Menda juda katta ma’lumot bor. Shuncha qiynalib topgan pulimizni halollik bilan xalqimizga yetkazib berish bo‘yicha harakat qilyapmiz, lekin yo‘limizda — [noqonuniy] yer berish, yer olish, yer sotish… Bilasizlarmi, menga qanday alam qiladi bu narsalarni eshitish», — dedi prezident Shavkat Mirziyoyev (iqtibos «Menimcha» ko‘rsatuvidan olindi).

Eksport qiluvchi korxonalarning muammolari tahlil qilinib, qo‘shimcha imkoniyatlar belgilandi. QQSni qaytarishning soddalashtirilgan mexanizmi joriy etiladi, mablag‘larning 80 foizi 7 kun ichida qo‘shimcha tekshiruvlarsiz qaytariladi.

Eksportchilar muammolarini uzluksiz o‘rganish va tezkor hal etishning yangi tizimi e’lon qilindi. Buning uchun doimiy ishlovchi shtab va «1094» raqamli aloqa markazi tashkil etiladi.

Senat raisi, Korrupsiyaga qarshi kurash milliy kengashi rahbari Tanzila Narbayeva aprel oyi boshida 2021 yilda bank sohasida korrupsiyaga oid jinoyatlar soni uch barobarga oshgani haqida xabar bergan edi.