DXX Toshkentda o‘tkazgan tezkor tadbirda «Realnaya investitsiya» MCHJ tomonidan moliyaviy piramida tashkil etilgani aniqlandi.

Ta’kidlanishicha, jamiyat o‘zini treyderlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganligini ma’lum qilib, moliya-iqtisod sohasida yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lmagan fuqarolarni ishonchiga kirgan holda, ularning shaxsiy mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirib kelgan.

Jamiyatni 1995 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs 2020 yilda tashkil etgani va mijozlar topish maqsadida Telegram hamda Instagram tarmoqlarida guruh ochib, targ‘ibot ishlarini olib borgani aytilmoqda.


Jamiyat rahbari mijozlardan 15 ming dollardan 200 ming dollargacha bo‘lgan miqdorda pul mablag‘larini qabul qilib olgan hamda ularga har oyda kamida 10% dan foyda berishni va’da qilgan, deyiladi xabarda. Ushbu foydani yangi jalb qilingan fuqarolarning pul mablag‘lari hisobidan to‘lab kelgan.

Tezkor tadbir videosida gumonlanuvchining hozirgi kunda 100 nafar atrofidagi shaxslardan jami 2,5−3 mln AQSh dollari miqdorida qarzdorligi mavjudligini aytdi.

«MCHJ rahbari noqonuniy yo‘l bilan topilgan daromadlarini bir nechta ko‘chmas mulklar va qimmatbaho avtomashinalar xarid qilish orqali legallashtirgan», — deyiladi xabarda.


Hozirda holat yuzasidan mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, MCHJ rahbariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-modda (firibgarlik), 178-modda (chet el valyutasini yashirish), 179-modda (soxta tadbirkorlik), 184-modda (soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 188−1-modda (pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat), 189-modda (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) va 243-moddani (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) qo‘llagan holda mazkur jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida jalb etilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

«Realnaya Investitsiya» MCHJdan jabr ko‘rgan fuqarolardan Toshkent shahar prokuraturasiga murojaat qilish so‘ralmoqda.