Payshanba kuni YUNISEF Maktabgacha ta’lim vazirligi va «Bilim Makon» axborot va pedagogika texnologiyalari innovatsion markazi bilan birga Learning Passport «Bolalik Akademiyasi» raqamli platformasini ishga tushirdi.

Maktabgacha ta’lim vaziriligi xabar berishicha, platforma O‘zbekistonda maktabgacha ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Learning Passport YUNISEF va Microsoft hamkorligida yaratilgan bo‘lib, moslashuvchan raqamli o‘quv platformasidir. Ta’kidlanishicha, hozir platforma butun dunyo bo‘ylab millionlab bolalarning o‘qishini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatilmoqda.

Mazkur platforma maktabgacha ta’lim pedagoglari uchun malaka oshirish kurslari, mashg‘ulotlar rejalari, qo‘shimcha o‘qish uchun materiallar, raqamli ta’lim va tarbiya resurslari bilan ta’minlaydi.

Bularning bari «Ilk qadam» maktabgacha ta’lim davlat o‘quv dasturi va O‘zbekistonning erta va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishi bo‘yicha davlat talablari asosida ishlab chiqilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bola miyasining 90 foizi 5 yoshga qadar rivojlanadi. Bu davrda ota-onalar va pedagoglar bolaga butun umri davomida ta’lim olishi uchun mustahkam poydevor qo‘yishda yordam berishlari mumkin. Buning uchun tarbiyalovchi va rag‘batlantiruvchi muhit yaratishlari, bola bu orqali o‘rganishi, rivojlanishi va yutuqlarga erishisha olishi zarur, deyiladi xabarda.

Agrippina Shin.

«Ushbu ahamiyatli davr hayotda faqat bir marta keladi, shu bois u maktabgacha yoshdagi millionlab bolalar uchun juda muhimdir. Ular butun umri davomida erishadigan jismoniy va ruhiy natijalar, moliyaviy ta’minlanganlik darajasi aynan shu vaqt ichida ko‘rsatiladigan yordamga bog‘liq», — dedi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin.

Mazkur texnologik innovatsion g‘oya butun mamlakat bo‘ylab maktabgacha yoshdagi bolalarga maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qatnashi yoki qatnamasligidan qat’i nazar, yuqori sifatli o‘quv resurslaridan foydalanish imkonini beradi.


Munir Mamedzade.

«Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan erta va maktabgacha yosh davrida sarmoya kiritish foydali. Bolalarni erta yoshidanoq tarbiyalash, himoya qilish, rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash ijobiy o‘zgarishlarga olib keladi. Erta ta’limga kiritilgan sarmoya 16 baravar ko‘payib qaytadi, — deydi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. — Shuning uchun ham YUNISEF O‘zbekistonda Learning Passport „Bolalik akademiyasi“ o‘quv platformasini ishga tushirish bo‘yicha innovatsion yondashuvni tatbiq qildi. Ushbu platforma 3−6 yoshli bolalarning tarbiyachilari va ota-onalari o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirishlariga imkon yaratadi».


Foto: Shahnoza Mirziyoyeva.

«Bolalik akademiyasi platformamiz eng avvalo sifatli ta’lim olamidir. Pedagoglar zamonaviy metodikalar asosida tayyorlangan mashg‘ulotlardan foydalanishi, o‘z ustida ishlashlari uchun qo‘shimcha mutolaa manbalarini qo‘llashi, ota-onalar esa bola ta’lim tarbiyasi va parvarishi bo‘yicha foydali ma’lumotlarni o‘zlari uchun kashf etishlari mumkin», — dedi Shahnoza Mirziyoyeva.

«Bilim Makon» markazi direktori Oyatullo Rahmatullayevning so‘zlariga ko‘ra, «Tarbiyachilar zamonaviy va ilg‘or ta’lim amaliyotlaridan foydalanganda bolalar jismoniy, hissiy va ta’limiy jihatdan o‘sishga erishadi».

«Bolalik Akademiyasi» bolalar foydalanishi uchun ham qulay. Ular savodxonlik, hisoblash va ijtimoiy-hissiy ko‘nikmalarni rivojlantiruvchi o‘yinlarni o‘ynashlari, o‘z ona tillaridagi elektron kitoblarni o‘qishlari mumkin. Bundan tashqari, o‘quv-ko‘ngilochar videolarni tomosha qilish va yoshga mos kutubxonadan foydalanish imkoniyatlari ham mavjud.

«Bolalik akademiyasi»ni ishga tushirish orqali O‘zbekiston bo‘ylab 20 mingga yaqin pedagogni qamrab olish, 1,5 millionga yaqin bolalarning o‘qish va rivojlanish natijalarini yaxshilash ko‘zda tutilgan.