Prezident 15 aprel kuni «budjetlararo munosabatlarni va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi [PQ-208-son] qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2022 yilda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bo‘yicha daromadlar oshirib bajarilgan qismidan hududiy budjetlarga yo‘naltiriladigan mablag‘larning 40 foizi respublika budjetida qoldiriladi.

2022 yil aprel-dekabr oylarida davlat organlarining budjetdan tashqari jamg‘armalariga kelib tushgan mablag‘larning 15 foizi respublika budjetiga o‘tkaziladi. Shuningdek, jamg‘armalardagi bo‘sh turgan pullarni bankka joylashtirish orqali olinadigan daromadlarning ham 15% qismi davlat budjetiga yo‘naltiriladi.

1 maydan davlat organlari va tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratmalar qilmaydi.

Davlat organlari joriy yil yakunigacha asosiy vositalarni xarid qilishi hamda bino va inshootlarni ta’mirlashi taqiqlandi (maktablar, bog‘chalar, tibbiyot va tibbiy-ijtimoiy muassasalari, mehribonlik uylari mustasno).

Qolaversa, endilikda yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘ini hisoblashda minoralar, ko‘priklar (estakadalar), rezervuarlar (o‘t o‘chirish inshootlari, sisternalar), bostirmalar, shiyponlar, beton maydonlar va devorlar (bordyurlar) soliq bazasi sifatida ko‘rilmaydi.

Mazkur xarajat qisqartmalari haqida prezident 31 mart kuni o‘tkazilgan videoselektorda ma’lum qilgandi. Unda budjet xarajatlarini 10 trln so‘mga qisqartirish zarurligi ta’kidlangandi. Shunga ko‘ra, yil yakuniga qadar barcha hokimlik, vazirlik va idoralarga bino ta’mirlash, avtomobil, mebel, ofis anjomlari xarid qilish taqiqlandi. Qolaversa, ular moliyaviy manbasi aniq bo‘lmagan qurilishlarni boshlamasligi kerak.