2018−2021 yillar davomida «Ayollar daftari» yuritilishi yo‘lga qo‘yilib, 1 mln nafarga yaqin xotin-qizlarning muammolari hal etildi.

Bu haqda 15 aprel kuni Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasining birinchi majlisida Senat raisi Tanzila Narbayeva ma’lum qildi.

Qolaversa, Xotin-qizlarning uy-joy muammolari deyarli hal etilgani va 2018 yildan beri 2730 nafar xotin-qizlar uy-joy bilan ta’minlangani aytildi.

Xotin-qizlarni kasbga o‘qitish tizimi joriy etilib, oxirgi 3 yil davomida 144 700 nafarga yaqin xotin-qizlar turli kasb-hunarga o‘qitildi.

«Oxirgi 3 yil davomida 590 ming nafarga yaqin xotin-qizlarning doimiy bandligi ta’minlandi, 535 ming nafarga yaqini haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi, 44 300 nafardan ortig‘iga subsidiya ajratildi», — dedi Tanzila Narbayeva.

O‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan xotin-qizlarga imtiyozli kredit berish tizimi joriy etildi.

2019−2021 yillar davomida qariyb 208 500 nafar ayollarga 7 trln 756 mlrd so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratildi.