Juma kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlashga bag‘ishlangan videoselektor bo‘lib o‘tdi. Bu haqda uning matbuot kotibi xabar berdi.

Yig‘ilishda prezident aholi tomorqalarida eng katta muammo — suv ta’minoti bo‘layotganini qayd etdi.

«Misol uchun, Qashqadaryodagi 65 ming gektar tomorqadan 24 ming gektarida suv muammo. Buning sababi — tuman hokimlari suv tarmoqlarini tiklash, quduqlar qazish, ariq va zovurlarni tozalash ishlarini vaqtida lozim darajada bajarmagan», — dedi davlat rahbari.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga:

  • ekin turlari joylashuvidan kelib chiqib, aholi tomorqalarini sug‘orish uchun 4 milliard kub metr suvni taqsimlash;
  • har bir mahalla kesimida ariq ochish, tozalash, tarmoqlarni tiklash bo‘yicha grafikni tasdiqlab, ishlarni boshlash topshirildi.

Bu ishlar uchun respublika budjetidan 50 milliard so‘m, mahalliy budjetlardan yana 50 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, Qo‘shrabot, Nurobod, Konimex, Peshku, Chiroqchi, Jarqo‘rg‘on, Boysun, Ohangaron, G‘allaorol, Farg‘ona kabi tumanlarida suv ta’minoti og‘ir mahallalarda quduq qazish va nasos o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplashga budjetdan 50 milliard so‘m ajratiladi.

«Prezident suv tanqisligining oqibatlarini yumshatish bo‘yicha bir hafta muddatda alohida dastur qabul qilinishini ma’lum qildi», — deyiladi xabarda.

Suv xo‘jaligi vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga 1 oktabrga qadar:

  • 4,5 ming km sug‘orish tarmoqlarini tozalash va 231 kmni betonlash;
  • 3 mingta gidrotexnik inshootni ta’mirlash;
  • 3,5 mingta nasos o‘rnatish, 490 km nasos quvurlarini ta’mirlash va 281 ta quduq qazishni ta’minlash topshirildi.

Ushbu maqsadlar uchun 300 milliard so‘m mablag‘ bosqichma-bosqich ajratiladi.

«O‘tgan yili dekabr oyida 2022 yil uchun tijorat banklariga 2 trillion so‘m imtiyozli kredit resurslari berilgan edi. Biroq, bugungi kunga qadar tijorat banklariga kiritilgan 790 milliard so‘mlik talabnomadan atigi 53 foizi, ayrim hududlarda esa 25−30 foizi moliyalashtirilgan xolos», — dedi prezident.

Shuning uchun mahsulot yetishtirishni moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha yangi tizim joriy etiladi.

Bunda mablag‘lar Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan yillik 10 foiz stavkada Bog‘dorchilik agentligiga bir yilga beriladi.