14 aprel kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakovni qabul qildi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda prezident O‘zbekiston Qirg‘izistonning juda muhim tashqi siyosiy va strategik hamkori ekanini tasdiqladi. Qolaversa, u qo‘shni mamlakat bilan davlatlararo munosabatlar va ko‘p qirrali hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Sadir Japarov joriy yilning may oyi oxirida o‘zbekistonlik hamkasbi Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga javob tashrifini mamnuniyat bilan qayd etib, oliy darajadagi qirg‘iz-o‘zbek muzokaralari qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zaro hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha rivojlanishning keyingi sifat bosqichiga olib chiqishiga ishonch bildirdi, deyiladi xabarda.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati.

O‘z navbatida Sardor Umurzakov O‘zbekiston yetakchisining javob tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Bishkekga tashrif buyurganini ma’lum qildi.

Qolaversa, bosh vazir o‘rinbosari yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik ruhida o‘zbek-qirg‘iz munosabatlari hamda hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor va manfaatdor ekanini tasdiqladi.

«Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi va qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surishni jadallashtirish hamda yuzaga kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal qilish maqsadida hukumatlararo va idoralararo hamkorlikni yanada faollashtirish bo‘yicha qator takliflarni bildirdi», — deyiladi O‘zbekiston ITSV matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Sadir Japarov 2021 yil yanvar oyida Qirg‘iziston prezidenti sifatida saylanganidan keyin ilk xorijiy safarini mart oyida O‘zbekistondan boshlagan edi. O‘shanda u tor doirada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyevni Qirg‘izistonga taklif qilgandi.