Uzbekistan Airports AJda personal va axborot texnologiyalari bo‘yicha rais o‘rinbosarlari tayinlandi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Sardor Abdullayev Uzbekistan Airports boshqaruv raisining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bitiruvchisi Sardor Abdullayev o‘z faoliyatini Toshkent moliya boshqarmasida boshlagan. Bir necha yil davomida Vazirlar Mahkamasining axborot texnologiyalari, telekommunikatsiyalar va axborot xavfsizligi departamentida ishlagan.

2020 yildan 2022 yilgacha Toshkent shahar hokimining axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.

Boxodir Mirusmanov esa Uzbekistan Airports boshqaruv raisining personal bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ldi.

U O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Davlat xizmatchilari faoliyatini monitoring qilish va baholash departamenti mudiri lavozimida ishlagan.

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoati institutini tamomlagan, Davlat statistika qo‘mitasi hamda O‘zbekiston prezidenti Devonida faoliyat yuritgan.