14 apprel kuni Bishkekda O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati. Unda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Akilbek Japarov va O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov ishtirok etdi.

Foto: Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Akilbek Japarov. gov.kg

Qirg‘iziston bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegaradosh hududida logistika markazini qurish loyihasi faol bosqichda.

«Qizil-Qiya shahrida Farg‘ona va Botken viloyatlarini bog‘lovchi savdo-logistika markazini qurish va ishga tushirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ishonchim komilki, ushbu savdo-logistika markazining ishga tushirilishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi eksport-import operatsiyalarini rivojlantirishda kuchli impuls bo‘ladi», — dedi Akilbek Japarov.

O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.

«Jamg‘arma nafaqat o‘z mablag‘lari hisobidan, balki boshqa tijorat manbalarini — xalqaro moliya institutlari, tijorat banklari, investitsiya kompaniyalari va jamg‘armalarni jalb qilish orqali moliyalashtirish vositasi sifatida faoliyat yuritadi», — deb yozadi O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, ikki mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, shuningdek, o‘zaro manfaatli ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirish orqali ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida tashkil etilgan. Tegishli bitim ikkala ishtirokchi davlatlar tomonidan 2021 yil avgust (Qirg‘iziston) va noyabr (O‘zbekiston) oylarida ratifikatsiya qilingan.

Jamg‘armaning ustav kapitali 50 mln AQSh dollarini tashkil etadi. Kelgusida bu summani 200 mln dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Tashkilotning bosh qarorgohi Bishkekda joylashgan.

akchabar.kg nashrining yozishicha, Aziz Aaliyev jamg‘armaning boshqaruv raisi etib tayinlangan. Jamg‘arma ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan vakolatli organ O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hisoblanadi.