Navoiy viloyati Karmana tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Tohir O‘rinov bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari viloyat kengashida ham deputatlik qilmoqda. Bu Saylov kodeksiga zid. Viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Bektemir Pirnafasov mazkur holatga izoh berdi.

Navoiy viloyati hokimligi saytida e’lon qilingan Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputatlari ro‘yxatiga ko‘ra, Ўринов Tohir Botirovich Xatirchi tumani 43-Oqdaryo saylov okrugidan xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashi deputatligiga saylangan. Saylov paytida «Mikrokreditbank» ATB Navoiy viloyati filiali boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.


Tohir O‘rinov 2022 yil 2 fevralida Karmana tumani hokimining moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — tuman iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. Tuman hokimiyati ma’lumotida ham u tayinlovga qadar «Mikrokreditbank» ATBning Navoiy viloyat fililali boshlig‘i vazifasida ishlab kelgani qayd etilgan.

Shundan so‘ng, viloyat kengashi tomonidan deputatlik lavozimini muddatidan ilgari tugatish haqida Tohir O‘rinovning arizasi olingan. Biroq, viloyat kengashining 2022 yil 8 apreldagi qarori bilan Tohir O‘rinov mahalliy budjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi qilib ham tasdiqlangan.


Saylov kodeksining 90-moddasiga muvofiq, sudyalar, prokuratura organlarining va ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari (bundan viloyat, tuman va shahar hokimlari mustasno) deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risida ariza berish sharti bilan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinadi.

Bundan tashqari, viloyat hokimligi jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar kotibiyati mudiri Nurullayev Maqsud Sharofovich ham viloyat kengashida deputat maqomiga ega. U kotibiyat mudirligiga tayinlangunga qadar O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi Navoiy viloyat kengashi raisi bo‘lgan.


«Gazeta.uz»ga Navoiy viloyati hokimi matbuot kotibi Bektemir Pirnafasov ularning deputatlik maqomini tugatish bo‘yicha arizasi olinganini ma’lum qildi.

«Bu yerda ham saylov qonunchiligini tushunishadi, kengashda Tohir O‘rinov, Maqsud Nurullayev va boshqa [deputatlar] davlat boshqaruv organlariga o‘tayotgan bo‘lsa, farmoyish chiqqan kunning ertasidan boshlab, kengash ularning vakolatini muddatidan ilgari tugatish bo‘yicha arizalarini olgan», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hokimiyat organlarining mansabdori deputatlik maqomini saqlab qolgan holat nafaqat Navoiyda, balki barcha viloyatlarda ham mavjud.

«Bu holat faqat Navoiy viloyatida emas, boshqa viloyatlarda ham bor. Men aniq biladiganim, Xorazmda bor, Samarqandda xatto to‘rtta bor. Har bitta viloyatda kamida 2−3 tadan bor. Bu katta fojia emas, bundan nimadir yasash kerak emas… Masala shundaki, bo‘shab qolgan o‘rinlarga qayta saylov o‘tkazish masalasi respublika darajasida bo‘lib, hech qaysi viloyatda boshlangani yo‘q. Boshlansa buni hammasi [ko‘riladigan masala sifatida] turibdi. Tumanlarimizda ham bor bunday narsa. Buni yashirmaymiz, bu Saylov kodeksiga zidligini bu yerda (Navoiy viloyati nazarda tutilmoqda — tahr.) ham bilamiz», — dedi Bektemir Pirnafasov.

Uning ta’kidlashicha, bu muammoning ichiga kirib, buning sabablarini o‘rganish kerak.

«Tajribada bor narsaki, Qonunchilik palatasidagi deputatlar ham qaysidir boshqaruv organlaridagi lavozimlarga tayinlanayapti. Bo‘sh o‘rinlar bor, chunki bu texnik jarayon. Qolaversa, viloyat kengashi deputatlarida hech qanaqa moddiy yoki boshqa manfaatdorlik yo‘q. Kimdir qaysidir davlat boshqaruv lavozimida va deputatlikda ishlayotgan bo‘lsa, aslida uni fidokorlik deyish kerak», — deya ta’kidladi u.

Hokimiyat vakili nomzod masalasi hamma joyda ham muammo ekanligini aytdi.

«Hozircha bo‘shab qolgan o‘rinlarga saylov bo‘lib o‘tayotgani yo‘q. Bo‘lishi kerak edi, misol uchun kengashimiz boshlagandi. O‘tgan yili noyabr oyida bizda hokim o‘zgardi,… kengash, boshqa masalalar biroz cho‘zib kelinayapti… Lekin, hali ko‘rasiz, Navoiy birinchilardan bo‘lib o‘sha bo‘shab qolgan o‘rinlarni to‘ldiradi», — deya ishontirdi hokimlik vakili.

«O‘zini ishi bitmay, bu boshqa bitta ishni ham qilishi, endi o‘zingiz bilasiz hozir hokim-u, hokim o‘rinbosarlarida qancha shunday vazifalar bor. Aslida u inson (Tohir O‘rinov — tahr.) fidoiylik qilib, o‘z ishidan ortib, bu ishni, komissiya raisi-yu boshqasini ham qilayapti-da, aslida», — deya tushuntirdi Bektemir Pirnafasov.

U shuningdek, arizasi olingan bo‘lsa-da, Tohir O‘rinov deputatlar ro‘yxatida turgani va doimiy komissiyaga rais etib tayinlanganini «yaxshi kadr» bo‘lgani uchun deya izohladi.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Navoiy viloyati saylov komissiyasi kotibi Furqat Xolbo‘tayev Kun.uz nashriga bergan izohida, bu haqiqatan saylov qonunchiligiga zidligini tan olgan va hozirda har ikkala deputatning deputatlik vakolatini tugatib, qayta saylov o‘tkazish yoki lavozimini o‘zgartirish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qilgan.