Toshkent Davlat yuridik universiteti mas’ul rahbari ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Prokuratura idoralari mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazgan madaniy merosni muhofaza qilish, ulardan foydalanishda qonun talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, universitet tomonidan Sayilgoh ko‘chasidagi XIX asrga oid arxitektura yodgorligida (sobiq Erkaklar va Ayollar gimnaziyasi) tegishli ruxsatnoma olmay turib noqonuniy qurilish ishlari bajarilgan.

Xususan mutaxassislar bino devorlari teshilib, qayd etish taxtachalari o‘rnatilgani va atroflari bo‘yalgani, sovutkich (konditsioner) dvigatellari hamda soyabonlar o‘rnatilgani aniqlandi.

Oliygoh rahbariyati qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmani bajarmagan. Shu sababli, holat bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga taqdim qilindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 31 martdagi qarori bilan universitetning mas’ul rahbari ma’muriy javobgarlikka tortildi. Unga nisbatan BHMning 3 baravari miqdorida (810 ming so‘m) jarima qo‘llanildi. Nazorat davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, poytaxtda hozirda madaniy meros hisoblangan bino-inshootlarning 30 tasidan umumta’lim maktabi, 5 tasidan kasb-hunar kolleji, 24 tasidan oliygoh, 109 tasidan vazirlik va idoralarning ma’muriy binolari sifatida foydalanib kelinadi.