14 aprel kuni Senatda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, «Heritage» (Meros) jamg‘armasining (AQSh) Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 177 ta davlat orasida 117-o‘rinni egallagan. Bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan yana 9 pag‘onaga pasaygan va mamlakat iqtisodiyoti «asosan erkin bo‘lmagan mamlakatlar» guruhida qoldi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva bu o‘rinda indeksning «Erkin savdo» ko‘rsatkichida O‘zbekistonning o‘rni rekord darajada yaxshilanganini etirof etdi.

«Ushbu indikatorda mamlakat AQSh, Yaponiya, Xitoy va Rossiya singari rivojlangan davlatlarni ortda qoldirib, 2021 yildagi 163 o‘rindan 67-o‘ringa ko‘tarildi va Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchilikni qo‘lga kiritdi», — dedi u.

Bundan tashqari investitsiya, moliyaviy erkinlik va monetar erkinlik ko‘rsatkichlarida sezilarli o‘sish qayd etildi.

«Biroq, Indeksning ayrim ko‘rsatkichlarida samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlari — KPI`ga erisha olmadik. Eng yomon ko‘rsatkich Oliy sud mas’ul bo‘lgan „Sud faoliyati samaradorligi“ yo‘nalishi bo‘ldi. amaldagi 50,8 balldan 13,1 ballga (-37,7) pastlagan», — dedi yuqori palata raisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, moliya vazirligi mas’ul bo‘lgan «Soliq yuki»" va «Fiskal salomatlik» ko‘rsatkichlarida ham O‘zbekiston jamg‘argan ballar pasayganligi hisobiga KPI`ga erishilmadi.

Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi mas’ul bo‘lgan «Biznes erkinligi» ko‘rsatkichida ham mamlakat o‘rni 14,4 ballga pasayib, KPI`ga yetib bormadi.

«Bandlik vazirligi mas’ul bo‘lgan „Mehnat bozori erkinligi“ indeksida ham KPI`ga erisha olmadik. Ko‘rib turganimizdek, KPI`ga erishish bo‘yicha ishlarimiz qoniqarli darajada emas», — dedi Tanzila Narbayeva.

Shunga qaramasdan, O‘zbekiston boshqa xalqaro reytinglarda, jumladan, 2021 yilda 19 ta xalqaro reytingdan 11 tasida o‘z pozitsiyasi yaxshilangan.

Xususan, Suveren kredit reytinglarida ijobiy tendensiyalar kuzatilib, «S&P» xalqaro reyting agentligi mamlakat kredit reytingini «salbiy»dan «barqaror»ga, Moody’s agentligi esa «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirdi.

Global innovatsiyalar indeksida O‘zbekiston 2021 yilda 7 pog‘onaga ko‘tarilib, 132 ta davlat orasida 86-o‘rinni egalladi va eng tez yuqorilagan mamlakatlar top 10 taligiga kirdi.