10 kuni ichida Toshkent shahrining asosiy yo‘llaridagi chuqurlarni bartaraf etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 13 aprel kuni shahar ma’muriyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev ma’lum qildi.

“Xabaringlar bor, shaharda qishimiz unchalik og‘ir o‘tmadi, lekin oxirgi 50−60 yilda bunday yog‘ingarchilikni Toshkent shahri ko‘rmagandi. Yog‘ingarchilikdan keyin shaharda asfaltlar o‘zini yaqqol qiyofasini ko‘rsatdi va katta chuqurliklar paydo bo‘ldi. Bu fuqarolarimizning keskin e’tirozlariga sabab bo‘layapti”, — dedi u.

Jahongir Ortiqxo‘jayev hokimiyat huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Umarovga ko‘chalardagi barcha chuqurliklarni 10 kun ichida bartaraf etishga ko‘rsatma berdi.

“Anvar aka 10 kun muhlatda tuman hokimlari barcha kerakli boshqarmalar bilan birlashib, butun Toshkent shahridagi mavjud xususiy va o‘zingizni boshqarmangizga tegishli bo‘lgan texnikalarni hammasini jalb qilasiz. 10 kun — sizga muhlat. 10 kun ichida shahardagi katta ko‘chalarda, asosiy mashina yuradigan ko‘chalarni to‘liq ta’mirlashiz kerak. Men tushunaman og‘ir, shahrimiz katta, kichkina emas. Lekin mas’uliyatni [o‘z zimmangizga] olishingiz kerak. Kerak bo‘lsa kechki payt ishlarni tashkillashtirasiz”, — dedi hokim.

U ichki ishlar organlaridan ta’mirlanayotgan ko‘chalarni qattiq nazoratga olib, aholi harakatlanishi uchu qulaylik yaratib berishga mas’ul bo‘lishlari kerak.

“10 kundan o‘tib ketsa kechirilmaydi. Hurmatli prokurorimizga iltimos qilamiz, mablag‘larimiz bekorga sarf bo‘lmasligini, sifatini tekshirishni nazorat qilib berasizlar… Birorta chuqurlik qolmasligi kerak. Sifatsiz qabul qilmaymiz”, — dedi u.

Hokim shuningdek, mutasaddilardan iltimos qilib, “ishchilar kunduzi dam ovolib, kechasi mashina yo‘q vaqtida ishlashini, odamlar ishga ketayotgan va qaytayotgan vaqtda, tirbandlik payti yo‘lni to‘sib qo‘yib, aholini ertalabdan asabini buzib ishlamaslikni so‘radi”.

Shahar prokuroriga odamlar tirbandlik vaqtida yo‘l ta’mirlanayotgani ustidan shikoyat qilsa, buni shaxsan nazoratga olishi va chora ko‘rishi ta’kidlandi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev shuningdek, fuqarolardan qayerda chuqurliklarni ko‘rsa, suratga olib, “Xalq nazorati” portali orqali yuborishlarini so‘radi.

“Biz 2022 yilda yashayapmiz, oldingi asrda emas. Bundan keyin qiladigan ishlarimiz endi aqlli, tartibli, sifatli bo‘lishi kerak. Kim [ishlarni] sifatsiz qilsa javob beradi”, — dedi u.

Mahallalarda ichki yo‘llarda mavjud chuqurliklarni “Obod mahalla” dasturi doirasida yil davomida bartaraf etish rejalashtirilgan.