Qashqadaryo viloyat prokuraturasi o‘tkazgan o‘rganishlar davomida Qarshi shahar hokimligi va boshqa mansabdorlari noqonuniy tarzda yer uchastkalarini fuqarolarga ajratib bergani aniqlandi.

Aniqlanishicha, Qarshi shahar hokimi amaldagi qonunlarga zid ravishda auksionsiz 318 ta holatda bozor bahosi 156 mlrd 422 mln so‘mlik 105 gektar yerni berib yuborish bo‘yicha qaror chiqarib bergan.

Shundan bo‘sh turgan 90,1 mlrd so‘mlik 58 gektar yer maydonlari prokuratura protesti orqali shahar hokimligi zaxirasiga qaytarilgan. 1,2 gektari esa Ye-ijro auksion platformasi orqali auksionlarga chiqarilgan.

Shuningdek, qurilish ishlari amalga oshirilgan 56,4 mlrd so‘mlik 27 gektar yer maydonini qaytarish bo‘yicha sudlarga 133 ta da’vo arizasi kiritilgan.

Holatlar yuzasidan Qarshi shahar hokimligi, Kadastrlar palatasi viloyat boshqarmasi va Qurilish bo‘limining 7 nafar xodimlariga nisbatan ayblov e’lon qilinib, jinoyat ishi sudga yuborilgan.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Qarshi shahar hokimi o‘rtacha har ikki kunda o‘zi tomonidan qabul qilingan bitta qarorni o‘zi bekor qilishi haqida yozgandi.