Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 12 aprel oqshomida qirg‘iz-tojik chegarasida sodir bo‘lgan navbatdagi mojarodan keyin qirg‘iz xalqiga, jurnalist va o‘zini bloger deb sanaydiganlarga murojaat bilan chiqdi. Bu haqda «Nigoh» Telegram kanali xabar berdi.

Davlat rahbari o‘z murojaatini mamlakatda so‘z erkinligi va inson huquqlari, so‘zsiz, saqlanib qolishi va ularga rioya etilishini ta’kidlash bilan boshladi.

«Mamlakatimizda har kim xohlaganini aytishi mumkin va turli aksiyalarga chiqishi mumkin. Hech qanday cheklovlar yo‘q. Lekin jurnalistlar va o‘zini blogger deb hisoblaydiganlardan bir narsani so‘ragan bo‘lar edim. Qo‘shni davlatlar bilan mojarolar haqida gap ketganda, ma’lumotni buzib ko‘rsatadigan va bu davlatlar rahbarlarini haqorat qiluvchi turli video va foto materiallarni tarqatishga yo‘l qo‘ymang», — dedi Sadir Japarov.

Uning ta’kidlashicha, bunday harakatlar «axloqiy va etika me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydi». «Bunday qilish orqali vaziyatni og‘irlashtirasiz va ikki xalq o‘rtasida adovat uyg‘otasiz», — deya ta’kidladi u.

Sadir Japarov Qirg‘izistonning qo‘shni davlatlar bilan davlat chegarasini belgilashda muammolar borligini tan olib, bu ishning qachon yakunlanishi haqida ma’lumot berdi.

«Ha, chegara masalasi bor. 30 yildan beri hal etilmagan muammo hozirda katta e’tibor va uzoqni ko‘ra bilishni talab qiladi. Ayni kunlarda muzokaralar olib borilmoqda. Tavsiflanmagan kilometrlar ko‘p. Bu vaqt talab etadi. Xudo xohlasa, prezidentlik muddatim tugaguncha bu masalani hal etish niyatidaman», — deydi Qirg‘izston prezidenti.

U shuningdek, qirg‘izistonliklardan so‘z erkinligini suiste’mol qilmaslikni so‘rab, Ukrainadagi harbiy operatsiyalar masalasida tarqalayotgan yolg‘on xabarlar bo‘yicha ham munosabat bildirdi.

«Hurmatli qirg‘izistonliklar. Faqat so‘z erkinligi niqobi ostida yolg‘on ma’lumotlar tarqatishni bas qilaylik. Bir oy oldin soxta akkaunt ostida Qirg‘iziston go‘yoki Ukrainaga og‘ir harbiy texnika va askarlarni olib o‘ta boshlagani haqida ma’lumot tarqalgan edi. Rasmiy ommaviy axborot vositalari orqali bunday ma’lumotlarni tarqatgan fuqarolar ham bo‘lgan. Birinchidan, buni qilish uyat. Ikkinchidan, Qirg‘iziston jahon hamjamiyatiga yolg‘on ko‘rinishda taqdim etilmoqda. Agar muxolifat bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, shaxsan menga bo‘ling, mamlakatni tinch qo‘ying. Urush bilan o‘ynamang. Allohim xalqimizni urushdan asrasin», — degan u.

Eslatib o‘tamiz, 12 aprel kuni kechqurun Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida chegarachilar o‘rtasida otishma sodir bo‘ldi. Tojikiston tomoni bir kishi, qirg‘izistonlik ikki nafar yarador haqida xabar berdi.

Sadir Japarov 2021 yil 10 yanvar kuni Qirg‘iziston prezidenti etib saylandi. Uning prezidentlik muddati 5 yil.