Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasi aprel oyi oxirida O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Yaponiya hukumatidagi manbalarga tayanib, Kyodo xabar bermoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Tokio, shuningdek, iyun oyi oxiriga qadar mintaqadagi besh davlat, jumladan Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishini o‘tkazib, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash chora-tadbirlarini muhokama qilishni rejalashtirgan.

Yaponiya va besh davlat tashqi ishlar vazirlari 2004 yilda mintaqaviy rivojlanish masalalari bo‘yicha muloqotni boshlagan. 2020 yilda ular videokonferensiya o‘tkazib, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda hamkorlik qilishga kelishib olgandi.

Kyodo`ning qayd etishicha, Xitoy o‘zining «Bir kamar — bir yo‘l» tashabbusi doirasida Markaziy Osiyodagi keng ko‘lamli infratuzilmaga sarmoya kiritishda davom etmoqda. Yanvar oyida Xitoy rahbari Si Szinpin o‘sha besh davlat rahbarlari bilan onlayn muzokaralar o‘tkazib, mintaqaviy xavfsizlikni muhokama qilgandi.

Rejalashtirilgan yig‘ilishda Yaponiya Xitoy kreditlari uni qaytarishda muammolarga duch kelishi mumkin bo‘lgan mamlakatlarga og‘irlik qilishi mumkinligi haqida ogohlantirishi kutilmoqda. Agentlik manbalariga ko‘ra, Yosimasa Xayasi Yaponiya sarmoyasining sifatini e’tirof etishi, shuningdek, pandemiyaga qarshi kurashda yordam berishini e’lon qilishi mumkin.

2022 yilda Yaponiya Markaziy Osiyoning beshta davlati bilan diplomatik munosabatlarni o‘rnatganiga 30 yil to‘ladi.

O‘tgan yilning mart oyida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov agar mamlakat davlat qarzini o‘z vaqtida to‘lamasa, ayrim infratuzilma obyektlari Xitoy nazoratiga o‘tishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, kreditni to‘lash manbalari mavjudligini ta’kidlagandi. oktabr oyida Xitoy Qirg‘izistonga to‘lovlarni olti yilga kechiktirishga rozi bo‘lgandi.