Yil boshidan xorijdan 3 mingga yaqin IT-mutaxassislar tashrif buyurgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, ularning asosiy qismi shu yerda uzoq muddat qolib ishlashni rejalashtirmoqda.

Davlat rahbari ikki oy muddatda xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda amaliy loyihalar orqali 1000 nafar yoshlarning IT-parklarda malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bundan tashqari, «Raqamli O‘zbekiston — 2030» dasturini amalga oshirishni qat’iy nazorat qilib borishga ko‘rsatma berildi.

Hozirgi loyihalarni amalga oshirish muddatlari yetarli darajada emasligi, AKT vazirligiga bu boradagi ish uslubi va yondashuvlarni o‘zgartirish orqali:

  • bir oy muddatda hamma vazirlik va hududlar bilan loyiha rejalarini qayta ko‘rib chiqish;
  • yil yakuniga qadar jami 404 ta hududiy, 133 ta tarmoq loyihalarni ishga tushirish topshirildi.

Shuningdek, birinchi yarim yillikda 30 ta, yil yakunigacha 40 ta davlat xizmatlarini yagona portalga kiritish vazifasi qo‘yildi. Portaldagi xizmatlar soni 376 taga yetadi.

Yil yakunigacha pensiyaga ariza berish, shaxsiy guvohnoma olish, sug‘urtalash kabi 50 ta xizmatning mobil ilovasi yaratilib, ularning soni 150 taga yetkaziladi.

Shu orqali davlat xizmatidan onlayn foydalanuvchilar soni hozirgi 1,5 milliondan kamida 4 millionga yetkaziladi.