14 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida AKT va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida 2022 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda uning matbuo kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Yig‘ilish davomida prezident O‘zbekistonni mintaqaviy IT markaziga aylantirish vazifasini qo‘ydi.

Buning uchun quyidagilarni amalga oshirish zarurligi aytildi:

  • IT eksportini yil yakuniga qadar kamida 100 million dollarga yetkazish;
  • ichki IT xizmatlari hajmini yiliga kamida 50 foizga o‘sishini ta’minlash;
  • joriy yilda qolgan 6 ta hududda ham IT-parklarni to‘liq ishga tushirish va malakali kadrlar ta’minlash, qolganlarida kamida 20 tadan kompaniyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va 5 ming nafar yoshlarni yuqori daromadli ish bilan ta’minlash.

«Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni „drayver“ sohaga aylantirib, IT xizmatlarini 2,5 barobar oshirish va eksportni 500 million dollarga yetkazish bo‘yicha katta-katta maqsadlarni qo‘ydik. Bir narsani aniq tushunish kerak. Ushbu soha rivojlanmasa, boshqa biror bir tarmoq oldinga yurmaydi», — dedi davlat rahbari.

AKT vaziri Sherzod Shermatov. Foto: Prezident matbuot xizmati.

«Raqamli O‘zbekiston — 2030» dasturini amalga oshirishni qat’iy nazorat qilib borishga ko‘rsatma berildi.

Hozirgi loyihalarni amalga oshirish muddatlari yetarli darajada emasligi, AKT vazirligiga bu boradagi ish uslubi va yondashuvlarni o‘zgartirish orqali bir oy muddatda hamma vazirlik va hududlar bilan loyiha rejalarini qayta ko‘rib chiqish, yil yakuniga qadar jami 404 ta hududiy, 133 ta tarmoq loyihalarni ishga tushirish topshirildi.

Shuningdek, birinchi yarim yillikda 30 ta, yil yakunigacha 40 ta davlat xizmatlarini yagona portalga kiritish vazifasi qo‘yildi. Portaldagi xizmatlar soni 376 taga yetadi.

Yil yakunigacha pensiyaga ariza berish, shaxsiy guvohnoma olish, sug‘urtalash kabi 50 ta xizmatning mobil ilovasi yaratilib, ularning soni 150 taga yetkaziladi.

Shu orqali davlat xizmatidan onlayn foydalanuvchilar soni hozirgi 1,5 milliondan kamida 4 millionga yetkaziladi.

Davlat rahbari telekommunikatsiya tarmog‘ini kengaytirish yo‘nalishida ham qator vazifalarni belgilab berdi.

Jumladan, yil yakuniga qadar 6800 ta yangi mobil stansiyani o‘rnatish va 80 ta olis qishloqni aloqa tizimiga ulash (yana 38 ta qishloq 2023 yilda ulanadi), qo‘shimcha 800 ming xonadonni yuqori tezlikdagi internetga ulash, respublika bo‘yicha optik tolali aloqa qamrovini 80 foizga yetkazish, 60 foiz magistral yo‘llarni mobil internet bilan ta’minlash topshirildi.

Eng muhimi, 1 sentabrga qadar Toshkent viloyatida respublikada ilk bor yuqori quvvatli Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi ishga tushiriladi.

Shuningdek, birinchi yarim yillikda 100 million, yil yakunigacha 300 million dollar investitsiyani o‘zlashtirish, ikki oy muddatda Abu Dabi fondi bilan «O‘zbekiston pochtasi»ni transformatsiya qilish rejasini ishlab chiqib, kiritish vazifasi qo‘yildi.