13 aprel kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC)ning yillik yig‘ilishi doirasida Rivojlanish maqsadlarida fan va texnologiyalar masalalari bo‘yicha komissiyaning 2023−2026 yillardagi a’zolarining saylovi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.

Tadbir davomida O‘zbekiston akklimatsiya (umumma’qullash) yo‘li bilan 2023−2026 yillarda mazkur komissiya a’zoligiga saylandi.

Komissiya BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining yordamchi organi hisoblanadi.

Yangi saylangan davlatlar, jumladan, O‘zbekiston 2023 yil 1 yanvardan boshlab Komissiya tarkibiga kiradi.

O‘zbekistonning komissiya a’zosi sifatida uning faoliyatiga faol jalb etilishi fan, texnika va innovatsiyalar sohasidagi eng muhim global tendensiyalarni ishlab chiqish, rejalashtirish va prognozlash bo‘yicha to‘plangan tajriba va ilg‘or uslublar bilan yanada yaqinroq tanishish imkonini beradi.

Ma’lumotda keltirilishicha, tuzilma 1992 yilda ushbu yo‘nalishdagi siyosatni takomillashtirish maqsadida Bosh Assambleya va ECOSOCga dolzarb ilmiy, texnik, innovatsion va muhandislik masalalari bo‘yicha malakali maslahat yordamini ko‘rsatish uchun tashkil etilgan. Komissiya BMTning umumiy tizimi doirasida fan va texnologiyalar bo‘yicha tavsiyalar va ko‘rsatmalar ishlab chiqishda muhim rol o‘ynaydi.

Komissiya tarkibiga ECOSOC a’zolari tomonidan saylanadigan 43 mamlakat kiradi. Bosh Assambleyaning savdo, moliya, texnologiyalar, investitsiyalar va barqaror rivojlanish sohasidagi asosiy organi bo‘lgan Savdo va rivojlanish bo‘yicha konferensiya (UNCTAD) Komissiyaning kotibiyati hisoblanadi. Komissiya a’zolari o‘z yig‘ilishlarini Jenevada o‘tkazadi.