O‘zbekiston BMT komissiyasi a’zosi etib saylandi

O‘zbekiston BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining Rivojlanish maqsadlarida fan va texnologiyalar masalalari bo‘yicha komissiyasi a’zosi etib saylandi. Komissiya dolzarb ilmiy, texnik, innovatsion va muhandislik masalalari bo‘yicha malakali maslahat yordamini ko‘rsatish uchun tashkil etilgan.

Prezident O‘zbekistonni mintaqaviy IT markaziga aylantirishga ko‘rsatma berdi

Prezident O‘zbekistonni mintaqaviy IT markaziga aylantirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi. Buning uchun IT eksportini yil yakunigacha 100 mln dollarga yetkazish, yana 6 ta hududda IT-parklarni to‘liq ishga tushirish va kamida 20 tadan kompaniya faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarurligi aytildi. «Ushbu soha rivojlanmasa, boshqa biror bir tarmoq oldinga yurmaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Endi jismoniy shaxslar ham bankrot deb topilishi mumkin

Prezident to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar ham bankrot deb topilishi mumkin, ilgari bunday tartib mavjud emas edi. To‘lovga qobiliyatsizik holati sud tomonidan ko‘rib chiqiladi va sud qarorisiz undiruvni mol-mulkka qaratishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bundan tashqari, «Bankrotlik to‘g‘risida»gi qonun ham o‘z kuchini yo‘qotdi.

Qarshi shahar hokimligi mansabdorlari 156,4 mlrd so‘mlik yerni noqonuniy ajratib bergani aniqlandi

Qarshi shahar hokimligi, Kadastrlar palatasi viloyat boshqarmasi va Qurilish bo‘limining 7 nafar xodimi qonunga zid ravishda 318 ta holatda 105 gektar yerni auksionsiz berib yuborgani aniqlandi. Ushbu yer maydonlarining bozordagi bahosi 156,4 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Gumondorlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudga yuborildi.

Rost24 bosh muharriri tahdid va bosim tufayli maqolani o‘chirganini ma’lum qildi

Rost24 nashri bosh muharriri Anora Sodikova tahdid va bosimlar tufayli tadbirkor Jahongir Usmonov haqidagi maqolani olib tashlashga majbur bo‘lganini ma’lum qildi. Milliy mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov «jurnalistga tahdid qilishga, umuman tahdidlarga hech kim haqli emas», deya ta’kidladi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining Ochiqlik indeksi e’lon qilindi

2021 yil uchun Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining Ochiqlik indeksi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring yakuni bo‘yicha tuzilgan reyting e’lon qilindi. Unda vazirlik, qo‘mita, agentlik va markazlar, shuningdek, viloyat hokimliklarining natijalari qayd etilgan.

1 iyundan shaxsiy identifikatsiya raqamini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatiladi

Hukumat qarori bilan shaxsiy identifikatsiya raqamini aniqlash va berish tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda tug‘ilgan barcha shaxslarga tug‘ilganlikni qayd etish jarayonida, qolaversa, mamlakatda vaqtincha bo‘lib turgan xorij fuqarolariga ham JSHSHIR beriladi. 1 iyundan esa bu borada davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Shavkat Mirziyoyev va Viktor Orban telefon orqali muloqot qildi

zbekiston prezidenti telefon orqali muloqotda Vengriya hukumati rahbarini «FIDES» — Xristian-demokratik xalq partiyasi koalitsiyasi ushbu mamlakat parlamentiga bo‘lib o‘tgan saylovda g‘alaba qozongani bilan tabrikladi.

Adliya vazirligi umumiy ovqatlanish sohasidagi asosiy muammolarni sanadi

Adliya vazirligi 2100 ta umumiy ovqatlanish korxonalarini o‘rgangan holda ushbu sohada juda ko‘p tekshiruvlar va murakkab soliq ma’muriyatchiligi mavjudligini aniqladi. Umumiy ovqatlanish korxonalarining 60 foizi soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaydi, 30−40 foizi esa «soyada» ishlaydi, deya hisoblaydi vazirlik.

Erondagi masjid devorida Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy yozib qoldirgan bitiklar topildi

Amir Temurning o‘g‘li Shohrux Mirzo Eronning Toyinobod shahrida qurdirgan masjid devorida Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy yozib qoldirgan bitiklar aniqlandi. Ayni paytda bitiklarni ilmiy jihatdan o‘rganishga doir ishlar olib borilmoqda.

Aholi qo‘lida qolgan metro jetonlari qayta sotib olinadi

Toshkent metropoliteni 15 apreldan aholi qo‘lida qolgan jetonlarni amaldagi yo‘l haqi narxida sotib oladi. Jetonlar kassalarda emas, balki Toshkent metropoliteni DUK binosida qabul qilinadi.

Ukrainadan yana ikki fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi

Ukrainadan Ruminiyaga gumanitar yo‘lak orqali qochib o‘tgan o‘zbekistonlik opa-singillar vatanga olib kelindi. Ularga Turkiyadagi homiylar mablag‘lari hisobidan aviachiptalar xarid qilingan.

O‘zbekistonga yil boshidan beri 3 mingga yaqin xorijiy IT-mutaxassis kelgan

Prezident yil boshidan beri mamlakatga 3 mingga yaqin xorijiy IT-mutaxassis kelgani va ularning asosiy qismi shu yerda uzoq muddat qolib ishlashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda amaliy loyihalar orqali 1000 nafar yoshlarning IT-parklarda malakasini oshirishga ko‘rsatma berildi.

«O‘ztransgaz» qo‘shimcha 257 mln dollar qarz oladi

«O‘ztransgaz» kompaniyasi 257 mln dollar, shu jumladan «Gazprombank» dan 57,5 mln dollar miqdorida qo‘shimcha qarz mablag‘larini jalb qiladi. Kompaniyaga tabiiy gaz bo‘yicha debitorlik va kreditorlik qarzlarini qisqartirish, davlat korxonasining moliyaviy hisobotini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Kattaqo‘rg‘onda elektrdan 57 mln so‘m qarzi bor tadbirkor elektr ta’minoti korxonasi rahbarini pichoqladi

Samarqand viloyatida elektr ta’minoti korxonasi rahbari elektrdan 57 mln so‘m qarzi bor MCHJ egasi tomonidan pichoqlandi. Jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan, ahvoli qoniqarli, gumondor esa qamoqqa olingan.

Yuridik universitetning mas’ul rahbari ma’muriy javobgarlikka tortildi

Toshkent davlat yuridik universiteti rektori oliygoh binosida noqonuniy qurilish qilgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. U ko‘p asrlik madaniy meros obyekti bo‘lgan universitet binosiga ruxsatsiz o‘zgartirish kiritgan.

Toshkent hokimi 10 kun ichida asosiy yo‘llardagi chuqurlarni bartaraf etishga ko‘rsatma berdi

Toshkent hokimi 10 kun ichida asosiy yo‘llardagi chuqurlarni to‘liq bartaraf etish yuzasidan topshiriq berdi. Bunda «shahardagi mavjud barcha texnikalarni» jalb qilish va zarur hollarda kechalari ham ishlash rejalashtirilmoqda. Jahongir Ortiqxo‘jayev aholidan ta’mirtalab ko‘chalar suratlarini «Xalq nazorati» portaliga yuborishni so‘radi.

Heritage Foundation`ning ayrim indekslarida O‘zbekiston KPI`ga erisha olmadi — Tanzila Narbayeva

Senat raisi Tanzila Narbayeva Heritage Foundation`ning «Erkin savdo» ko‘rsatkichida O‘zbekistonning o‘rni rekord darajada yaxshilanganini ma’lum qildi. Biroq, «Iqtisodiy erkinlik» indeksida O‘zbekiston 117-o‘rinni egallab, «asosan erkin bo‘lmagan mamlakatlar» guruhida qoldi. Qolaversa, «Sud faoliyati samaradorligi», «Soliq yuki», «Fiskal salomatlik», «Biznes yuritish», «Mehnat bozori erkinligi» indeksida ham KPI`ga erishilmagani tanqid qilindi.

O‘zbekistonda ayollar 27% rahbarlik lavozimlarini egallamoqda — parlamentariy

O‘zbekistonda xotin-qizlarning rahbarlik lavozimlaridagi ulushi 27 foizga, tadbirkorlar orasida esa 25 foizga yetdi. O‘zbekiston taraqqiyotida xotin-qizlarning roliga bag‘ishlangan forumda ayollarning siyosatdagi ishtiroki muhokama qilindi.