Rost24.uz nashri bosh muharriri Anora Sodikova marhum senator, sobiq bosh vazir o‘rinbosari, Futbol federatsiyasi va Milliy olimpiya qo‘mitasi sobiq rahbari Mirabror Usmonovning o‘g‘li — Jahongir Usmonov haqidagi material o‘chirib tashlanganini ma’lum qildi. Jurnalist o‘chirib tashlangan videoni o‘zining Facebook`dagi sahifasida e’lon qildi.

Videoda gap tadbirkor, «Ardus» kompaniyasi asoschisi va bosh direktori hamda «Ezgu maqsad» xayriya jamg‘armasi rahbari Jahongir Usmonovning faoliyati haqida ketmoqda. Uning nomi taniqli siyosatchilar, davlat va hukumat rahbarlari, mashhur boylarning ofshor operatsiyalari haqida so‘z borgan «Pandora Papers» jurnalistik surishtiruvi doirasida uchraydi.

Anora Sodikovaning so‘zlariga ko‘ra, «Jaxongir Usmonovga tegishli bo‘lgan bir nechta kompaniyalar tarmog‘i ofshor kompaniyalar va moliyaviy jinoyatlarga yetaklaydi».

Xususan, Jahongir Usmonov Britaniya Virjiniya orollarida ro‘yxatdan o‘tgan Winger Investments Limited kompaniyasining yagona benefitsiari bo‘lib, Yevropa banklarida ham hisob raqamlariga ega.

Maqolada 2017 yilda «Xorazm Shakar», «Angren Shakar» zavodlari va bir qator xorijiy kompaniyalar tashabbusi bilan tashkil etilgan «Ezgu maqsad» xayriya jamg‘armasi haqida ham so‘z boradi. Xalqaro xayriya jamoat fondiga istisno tariqasida vakolatli bank hisobraqamlariga xorijiy jismoniy va yuridik shaxslardan beg‘araz asosda mablag‘lar olishiga ruxsat etilgan.

Jurnalistning ta’kidlashicha, jamg‘arma va ofshor kompaniyalar o‘rtasida go‘yoki katta miqdordagi aylanmalar bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xayriya fondi besh yil davomida birorta ham hisobotni e’lon qilmagan, veb-sayti yoki ijtimoiy tarmoqlarda sahifalarga ham ega emas, shu sababli uning faoliyati shubha uyg‘otgan.

Shu jumladan, fond o‘z faoliyati davomida asosiy vazifalaridan biri bo‘lgan bo‘lsa ham «Saxovat» va «Muruvvat» qariyalar uylariga hech qachon yordam ko‘rsatmagan.

Jurnalist fond rahbari Kamola Sharipovaning so‘zlariga tayanib, «Ezgu Maqsad» ortida «katta oila» turganini aytdi.

Anora Sodikova maqola va video e’lon qilinganidan so‘ng, tahdid va tazyiqlarga uchraganini ma’lum qildi.

«Bir oy izlanib, faktlar asosida material tayyorladik va e’lon qildik. Biroq sherigimning raqamiga qo‘ng‘iroq qilishib, „tinch hayot kerak bo‘lsa“, materialni olib tashlashimiz kerakligini aytishgan. Shundan so‘ng maqolani saytdan olishga, Youtube sahifasidan o‘chirishga majbur bo‘ldik», — dedi Anora Sodiqova Human.uz bilan suhbati davomida.

Qolaversa, u o‘zining Facebook sahifasida maqolasini prezidentning «4-hokimiyat bo‘linglar, orqangizda men turibman» degan gaplariga ishonib yozganini qo‘shimcha qildi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi, tadbirkor Komil Allamjonov jurnalist Anora Sodiqova atrofidagi vaziyatdan xavotirda ekanligini bildirdi.

«Qonun ustuvor davlatlarda har qanday ziddiyatli holatlar (agar u bo‘lsa) faqat sud orqali hal qilinishi kerak. Jurnalistga tahdid qilishga, umuman tahdidlarga hech kim haqli emas. U zamonlar o‘tib ketdi. Qaytarishga urinmang. Fond bu holatni kuzatib boradi», — deb yozadi u.

2021 yil aprel oyida O‘zbekiston «Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotining matbuot erkinligi reytingida bir pog‘ona pastlab, 180 davlat orasida 157-o‘rinni egalladi. Indeksning pasayishi 2018 yildan beri birinchi marta sodir bo‘ldi. Mamlakatdagi so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat hamon «murakkab» sifatida baholanmoqda.