Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 5,4 gektar maydonda joylashgan «Sijjak» dam olish maskanini yana sotuvga qo‘ydi.

Davlat aktivini sotish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Sotishning muhim shartlari qatoriga kelajakda mehmonxona va/yoki boshqa sayyohlik infratuzilmasini saqlash va rivojlantirish majburiyati kiradi.

Dam olish maskani o‘zida mehmonxona, bir qancha basseynlar, amfiteatr, kottej va boshqa binolarni mujassam etgan.

Savdoning birinchi bosqichida ishtirok etish uchun talabgorlar arizasi 11 may kuni soat 18:00 ga qadar o‘zbek yoki rus yoxud ingliz tillarida qabul qilinadi.

2021 yilning aprelida ushbu obyekt sotuvga qo‘yilgandi. O‘shanda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi maskanning suratlarini ham e’lon qilgandi.

Avvalroq, dam olish maskani O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan. 2017 yilning 10 fevralida oromgoh Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi ajrimi bilan musodara etilgandi.

Keyinchalik ushbu qarorgoh ichidagi barcha jihozlari bilan Triatlon federatsiyasiga vaqtincha tekin foydalanishga berildi. Keyinroq maskanni ommaviy savdolar orqali shaffoflik prinsipi asosida sotuvga qo‘yishga qaror qilindi.