12 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Yig‘ilishda davlat rahbari eksportning asosiy qismi (84 foizi) Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlariga to‘g‘ri kelayotganiga e’tibor qaratib, qolgan viloyatlarda ushbu ko‘rsatkichlar qoniqarsiz ahvoldaligi tanqid qildi.

Shu bois, mutasaddilarga yil yakunigacha farmatsevtika mahsulotlari eksportini 105 mln dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Viloyat hokimlari loyihalarni amalga oshirishdagi tashkiliy masalalarni hal qilishga shaxsan mas’ul ekanliklari ta’kidlandi.

1 iyulga qadar talab yuqori bo‘lgan 120 turdagi dori vositalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 3 yil muddatga kafolatli xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuziladi. Hozirgi kunda ushbu dorilar 300 mln dollarga chetdan olib kelinmoqda.

Bunda, ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan 25 turdagi dorilar 1 iyuldan xarid qilinadi. Kelgusi yildan esa 70 turdagi dorilarni ishlab chiqarish va sotib olish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda asosiy e’tibor onkologiya, gematologiya, endokrin va virusli kasalliklarni davolashga qaratiladi.

Joriy yilda kafolatli xaridlarga 300 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Yig‘ilishda mahalliy farmatsevtika korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar belgilandi. Jumladan:

  • qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan xom ashyolar ro‘yxati Investitsiyalar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi va Farmatsevtika agentligi tomonidan tasdiqlanadi. Hozirgi kunda ushbu ro‘yxat 5 ta vazirlik tomonidan tasdiqlanadi va 5 yildan buyon yangilanmagan;
  • mahalliy korxonalarning GMP sertifikatini olish bilan bog‘liq xarajatlari Farmatsevtika agentligi tomonidan qoplab beriladi;
  • korxonalarni modernizatsiya qilishni moliyalashtirish To‘g‘ridan-to‘g‘ridan investitsiyalar jamg‘armasi ishtirokida amalga oshiriladi.

Yig‘ilishda yil yakuniga qadar 80 ta tumanni dorivor o‘simliklarni yetishtirishga moslashtirib, 7,5 ming gektarda plantatsiyalar tashkil etish (hozirda 600 gektar) vazifasi qo‘yildi.

Eksportbop dorivor o‘simliklarni yetishtirishni kengaytirish maqsadida bu sohaga kooperatsiya va oilaviy tadbirkorlik uchun nazarda tutilgan barcha imtiyoz va moliyalashtirish tartiblari tatbiq etiladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda O‘zbekistonda tashqi omillar hisobiga 150 turdagi aholi uchun zarur dori vositalarida uzilish bo‘lishi xavfi mavjudligi, qalbaki va kontrafakt dorilar sotilishiga haligacha barham berilmaganligi, amaliyotda 15 foizlik narx preferensiyasi ishlamasligi ta’kidlangandi.

Prezidentning 2021 yil 21 dekabrdagi qarori bilan Oilaviy tadbirkorlik uchun imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkali kreditlar taqdim etila boshlagandi.