Innovatsion rivojlanish vazirligi hukumatda bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov rahbarlik qilayotgan tizimga o‘tkaziladi.

Bu Vazirlar Mahkamasining 11 apreldagi [170-son] qarorida qayd etilgan. Bunga qadar Innovatsion rivojlanish vazirligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qilgan kompleksga qarashli edi.

Mazkur o‘zgartirishga 11 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining 23-son bayoni asos qilib keltirilgan.

Tegishli ravishda Vazirlar Mahkamasi apparatining Investitsiyalar, eksportni qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kotibiyatiga IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va ilmiy faoliyatni rivojlantirish masalalari departamentidan Innovatsion faoliyatni rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis shtat birligi ham o‘tkazildi.

Sardor Umurzakovga yuklatilgan vazifalar

  • Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri;
  • Tashqi savdoni tarif va notarif tartibga solish bo‘yicha kengash raisi;
  • Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya raisi;
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB)ning O‘zbekiston tomonidan boshqaruvchisi;
  • Islom taraqqiyot banki (ITB) Guruhi Boshqaruvchilari Kengashi — Bank oliy boshqaruv organi raisi, O‘zbekiston tomonidan boshqaruvchi;
  • Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekiston tomonidan boshqaruvchisi;
  • Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki O‘zbekiston tomonidan boshqaruvchisi;
  • Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi raisi;
  • «O'zagroeksportbank» ATB kengashi raisi;
  • «O'zbekinvest» NKEIS direktorlar kengashi raisi;
  • «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universiteti faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Boshqaruv kengashi raisi.

Bundan tashqari, prezidentning 6 apreldagi farmoni bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga (ITSV) 2023 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston tashqi savdo operatsiyalarini tartibga solishning vaqtinchalik mexanizmlarini joriy qilish vakolati berildi.

2021 yilda Sardor Umurzakovning lavozim va vakolatlari ko‘pligi to‘g‘risida tarqalgan xabarlarga ITSV matbuot xizmati munosabat bildirgandi. Unda qayd etilishicha, u 2020 yilning 10 martidan boshlab prezident farmoniga muvofiq tayinlangan va ish haqi to‘lanadigan yagona egallab turgan lavozim — bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimi hisoblanadi.

Boshqa barcha tilga olingan lavozimlar alohida lavozimlar hisoblanmaydi hamda bajariladigan vazifalar doirasida qo‘shimcha majburiyat va funksiyalarni nazarda tutadi.

Tarif va notarif tartibga solish kengashi, JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha idoralararo komissiya va Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi kabi kollegial organlarga rahbarlik qilish Vazirlik vakolatiga kiradigan, biroq boshqa vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda mahalliy hokimiyat organlarining ishtirokini talab qiladigan masalalarni hal qilishga imkon beradi.

Qonun hujjatlariga muvofiq, aksiyadorlik jamiyatlari va davlat kompaniyalarining Kuzatuv Kengashlari kundalik operatsion faoliyatni boshqarish yoki unga rahbarlik qilish bilan shug‘ullanmaydigan va odatda aksiyadorlarning vakillaridan iborat kollegial organlardir. Shuning uchun, Sardor Umurzakovning To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi, ATB «O‘zagroeksportbank», «O‘zbekinvest» EISK AJ va boshqa shu kabi tashkilotlar Kuzatuv kengashlarining raisi darajasidagi ishtiroki ushbu idoralarning eng yirik aksiyadori bo‘lgan Hukumat vakili sifatida yilda bir necha marta o‘tkaziladigan uchrashuvlar davomida faoliyatining natijalari va strategik yo‘nalishlarini muhokama qilish bilan chegaralanadi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston boshqa davlatlar qatorida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kabi qator xalqaro moliya institutlarining (XMI) asoschisi hisoblanadi. O‘zbekistonning barcha XMI bilan munosabatlarining keng ko‘lamini muvofiqlashtirish ITSV javobgarlik sohalariga kiradi. Shu sababli bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzakov ITSV rahbari sifatida yuqorida qayd etilgan XMIlarning O‘zbekiston tomonidan boshqaruvchisidir.

«Ko‘plab mamlakatlarda shakllangan amaliyotga ko‘ra, yuklatilgan vazifalarni eng samarali tarzda bajarish hamda u yoki bu masalalarni hal etish doirasida turli idoralarning samarali muvofiqlashtiruvini ta’minlash maqsadida Hukumat a’zolari turli kollegial organlar va komissiyalar tarkibiga kiradi», — deyiladi xabarda.