O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan Shukrullo Akmaljon o‘g‘li Jahongirov qurilish vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi, deb xabar berdi Qurilish vazirligi matbuot xizmati.

Shu kungacha vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Shuhratxo‘ja Rahmatjonovich Hoshimov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgan.

Xabarda aytilishicha, tayinlovga qadar Shukrullo Jahongirov loyiha va qurilish kompaniyalarida faoliyat yuritgan.

Aprel oyi boshida «O‘zbekiston 24» telekanalidagi reportajda u Toshkentdagi Yangi O‘zbekiston ko‘chasi haqida intervyu bergan, uning arxitekturasini «evolyutsion» deb atagan edi. Uning lavozimi poytaxt hokimligi mutaxassisi sifatida ko‘rsatilgandi.

Shuningdek, fevral oyida prezidentga Olimpiya shaharchasi qurilishi loyihasi taqdim etilgani haqida xabar berilgan edi. Xuddi shu telekanal reportajida Shukrullo Jahongirov Mimar Group qurilish kompaniyasining bosh arxitektori sifatida ko‘rsatilgan.

Mimar Group kompaniyasi «Yangi O‘zbekiston» bog‘i qurilishida, Kosmonavtlar maydoni va «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasini rekonstruksiya qilishda ishtirok etgan. Hozirda kompaniya «Jemchug» do‘koni va Gagarin maydoni yaqinidagi bog‘ni ta’mirlash ishlarini olib bormoqda.