Davlat xavfsizlik xizmatining hududlarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlari davomida giyohvand moddalar va kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarining savdosiga chek qo‘yildi, deb xabar berdi DXX matbuot xizmati.

Jumladan, DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar hamda bojxona boshqarmalari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Samarqand-Namangan» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lasetti» rusumli avtomashina Chust tumani hududida to‘xtatilib, tekshirildi.

Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Samarqand shahrida yashovchi, 1968 va 1991 yillarda tug‘ilgan 2 fuqaroning yonida 1 kg 470 gr. «gashish» moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Foto: DXX

Uchinchi shaxslar tomonidan Tojikistondan mamlakat hududiga o‘tkazilgan ushbu narkotiklarni Namangan shahriga olib borib berishlari evaziga, mazkur 2 fuqaroning har biriga 1 mln so‘mdan pul berilishi va’da qilingan.

Boshqa bir holatda esa Namangan shahrida yashovchi, muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxs (1978 y.t.) boshqaruvidagi «Lada» rusumli avtomashina viloyat markazida to‘xtatilib tekshirilganda, uning salonida 931 gr «gashish» moddasi borligi aniqlangan va tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Shuningdek, u qirg‘izistonlik narkokur’er tomonidan mamlakat hududiga o‘tkazilgan mazkur moddani Yangiqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi, muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan shaxsdan (1974 y.t.) olgani aniqlandi hamda u ham ushlandi.

Namangan shahridagi avtoturargohlardan birida mahalliy fuqaro (1984 y.t.) 1568 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 1600 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.


Xizmat xodimlari tomonidan bojxona organlari xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida ham bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Xususan, Surxondaryo viloyatida yashovchi, 1989 va 1992 yillarda tug‘ilgan 2 fuqaro 496 gr «gashish» moddasini kelgusida sotish maqsadida Toshkent shahriga olib kelgan vaqtlarida Chilonzor tumanida ushlandi.

Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro (1991 y.t.) 1680 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 30 mln so‘mga, Bektemir tumanida qayd etilgan holatda esa muqaddam sudlangan shaxs (1991 y.t.) 133 dona «Regapen» va 43 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 12 mln so‘mga sotayotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.

Bu yo‘nalishda DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat IIB bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgani ma’lum qilindi.

Xususan, «Farg‘ona-Sirdaryo» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan, Guliston shahrida yashovchi shaxs (1991 y.t.) boshqaruvidagi «Jentra» rusumli avtomashina «Sayxunobod» YPX maskanida to‘xtatilib tekshirilganda, unda 242 dona «Tropikamid» hamda 78 dona «Tramadol» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan muqaddam sudlangan shaxsning (1992 y.t.) Gulistondagi yashash manzilidan 406 dona «Regapen» va 56 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.